27 TA XIZMAT AVTOMOBILI HARAKATLANMADI, 848 KUB METR GAZ TEJALDI
Nashr qilingan sana: 25.06.2026 13:19:44Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdorini kamaytirish va aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu maqsadda mamlakatimizda har oyning 10- va 25-sanalari “Avtomobilsiz kun” sifatida o‘tkazilib kelinmoqda.
Ushbu tashabbus nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlashga, balki fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va havo ifloslanishini kamaytirishga ham xizmat qiladi.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ham mazkur aksiya doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–46-son Farmoni hamda jamiyatning 2026 yil 9 iyundagi 259-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida 2026-yil 25-iyun kuni xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish holati o‘rganildi.
Monitoring natijalariga ko‘ra, jamiyat balansidagi 51 ta yengil xizmat avtotransport vositasidan 33 tasi siqilgan metan gazida (CNG), 9 tasi benzin yoqilg‘isida harakatlanishi aniqlandi. Oddiy ish kunida metan gazida harakatlanuvchi 33 ta xizmat avtomobili uchun o‘rtacha sutkasiga 1000 kub metr gaz sarflanadi.
“Avtomobilsiz kun” tadbirida esa mazkur transport vositalarining aksariyati harakatlantirilmadi. Natijada faqat 6 ta xizmat avtomobili xizmat zarurati tufayli foydalanildi va gaz sarfi 152 kub metrni tashkil etdi. Shu tariqa bir kunning o‘zida 848 kub metr siqilgan metan gazi tejaldi.
Bu raqamlar ekologik jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, 848 kub metr gaz sarflanmagani natijasida atmosferaga chiqarilishi mumkin bo‘lgan taxminan 1,61 tonna karbonat angidrid (CO₂) emissiyasining oldi olindi. Shu bilan birga azot oksidlari, uglerod oksidi va boshqa zararli moddalar chiqindilari ham sezilarli darajada kamaydi.
Monitoring jarayonida xizmat avtotransport vositalari belgilangan avtoturargohlarda saqlanayotgani foto-materiallar orqali tasdiqlandi. Bu esa aksiyaning korxona jamoasi tomonidan mas’uliyat bilan qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi.
Ekologiyani asrash yo‘lidagi har bir amaliy qadam kelajak avlodlar uchun sog‘lom va musaffo muhit yaratishga xizmat qiladi. “Avtomobilsiz kun” tadbiri ham ana shunday ezgu maqsadlarga qaratilgan muhim tashabbus bo‘lib, uning samarasi nafaqat bir kunlik natijalarda, balki jamiyatda ekologik tafakkurni shakllantirishda ham namoyon bo‘ladi.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bundan buyon ham ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va yashil iqtisodiyot tamoyillarini hayotga tatbiq etish borasidagi ishlarini izchil davom ettiradi.
Akbar Yoqubov,
“O‘zbekko‘mir” AJ Ekologiya bo‘limi boshlig‘i
Oxirgi yangiliklar:
Murakkab hududlarda bozor mexanizmi: aholi ko‘mirsiz qolmasligi uchun qanday choralar ko‘zda tutilgan?
Ko‘mir sanoatiga bozor mexanizmlarining joriy etilishi va aholini ko‘mir bilan ta’minlashga tadbirkorlik sub’yektlarining jalb qilinishi respublikamizning olis va borish...
O'qish
MAHALLIY KO‘MIR MAHSULOTLARINING YANGI ULGURJI NARXLARI
“O‘zbekko‘mir” AJ ko‘mir konida qazib olinadigan ko‘mir mahsulotlarining ulgurji narxlari (QQS bilan) qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublika tova...
O'qish
Brifing: ko‘mir ta’minotida yangi tizim: aholi uchun tanlov va raqobat imkoniyati kengaymoqda
Respublikamizda 2026/2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari, jumladan, tabiiy gaz yetib bormagan hudud...
O'qish
Xalqaro jurnalda Angren konchilari faoliyati haqida keng maqola chop etildi
“O‘zbekko‘mir” AJ faoliyatining xalqaro va sohaviy ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilayotgani geologiya, konchilik va ko‘mir sanoati sohalarida amalg...
O'qish