Angren – mehnat, jasorat va taraqqiyot shahri
Nashr qilingan sana: 04.06.2026 21:09:38
Joriy yil 13-iyun kuni Angren shahri o‘zining qutlug‘ 80 yilligini nishonlaydi. Ayni kunlarda shahar bayram nafasi bilan yashamoqda. Ko‘chalaru xiyobonlarda obodonlashtirish ishlari jadal kechmoqda, mehnat jamoalari, ta’lim muassasalari, madaniyat markazlari va mahallalarda yubiley tadbirlariga tayyorgarlik qizg‘in tus olgan.
Bu bejiz emas. Axir Angren oddiy shahar emas. U mehnat bilan qad rostlagan, jasorat bilan ulg‘aygan, konchilarning qadoq qo‘li bilan bunyod etilgan maskandir.
Angren tarixi zamin bag‘ridagi beqiyos boylik – ko‘mir bilan chambarchas bog‘liq. Aynan shu boylik tufayli bu hududga geologlar, quruvchilar va konchilar keldi. 1940-yilning o‘zidayoq Angren ko‘mir havzasini o‘zlashtirish ishlariga qariyb 6000 nafar kishi jalb etilgan edi. Ular nafaqat konlar ochdi, balki kelajak shahriga ham asos soldi.
1946-yil 13-iyun kuni O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Rayosati qarori bilan “Angrenshaxtastroy” ishchilar posyolkasi shahar maqomini oldi. Shu tariqa O‘zbekiston xaritasida yangi sanoat markazi – Angren dunyoga keldi.
Oradan sakson yil o‘tdi. Kechagina konchilar shaharchasi bo‘lgan Angren bugun mamlakatning eng muhim sanoat markazlaridan biriga aylandi. Uning taraqqiyot tarixi minglab kishilar taqdiri, mehnati va orzu-intilishlari bilan uyg‘unlashib ketgan.
Angren haqida so‘z ketganda, konchilarning, xususan, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini alohida ta’kidlash joiz. Chunki shaharning kechagi ham, buguni ham, ertasi ham ko‘p jihatdan ko‘mir sanoati bilan bog‘liq. Mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan ko‘mirchilar mehnati Angren taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yubiley ga tayorgarlik ko‘rish tadbirlari doirasida Angren shahar hokimi Alisher Raimov jurnalistlar va blogerlar bilan uchrashdi. Samimiy ruhda kechgan muloqotda shaharning bugungi qiyofasi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yubiley tadbirlarining mazmun-mohiyati va ularni keng jamoatchilikka yetkazish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, sakson yillik yubiley shunchaki sana emas. Bu – shahar tarixi, uning mehnatkash insonlari va fidoyi avlodlariga ehtirom ramzi. Shu bois bayram tadbirlarini xalqchil, mazmunli va esda qolarli tarzda tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uchrashuvda ishtirok etgan “O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari Ne’mat Dushaev ham ommaviy axborot vositalari va blogerlarni yubiley tadbirlarini keng yoritishga chaqirdi. U Angren tarixi, konchilar mehnati, shaharning sanoat salohiyati va yangi qiyofasini aks ettiruvchi materiallar xalqimiz uchun qiziq va ahamiyatli bo‘lishini ta’kidlab, bir qator taklif va tavsiyalar berdi.
Angren – kognchi mehnatkashlar shahri. Imkoniyatlar shahri. Yoshlar shahri. Kelajak shahri.
Sakson yil tarix uchun katta muddat emasdir. Ammo shu qisqa davr ichida Angren butun boshli avlodlar mehnati, jasorati va orzularini o‘zida mujassam etgan shaharga aylandi. Shuning uchun ham uning yubileyi nafaqat angrenliklar, balki butun mamlakatimiz uchun ham ahamiyatli sana hisoblanadi.
Qutlug‘ 80 yillik muborak bo‘lsin, aziz Angren!
Oxirgi yangiliklar:
“O‘zbekko‘mir”: hajm emas, sifat ustuvor – qazib olish siyosati yangilanmoqda
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ko‘mir qazib olish hajmining o‘tgan yilga nisbatan qisqartirilishi ayrim media faollarida turli savol va muhokamalarni ke...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ xalqaro ekologik ko‘rgazmada ishtirok etdi
2026-yil 2–4-iyun kunlari Samarqand shahrida Global ekologik jamg‘armaning 8-assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazku...
O'qish
Ko‘mir sanoatini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda
Ko‘mir narxiga bozor mexanizmlarini joriy etish haqidagi taklif ma’qullandi. Bu, aslida, davr talabi. Chunki har qanday sohada bo‘lgani kabi, ko‘mir sanoatida ham ishl...
O'qish