Jamoa shartnomasi: huquq va kafolatlaringizni bilasizmi?
Nashr qilingan sana: 20.08.2026 11:55:30
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan yangi jamoa shartnomasi ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy hamda kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi muhim hujjatdir. U jamiyatning ijro apparati va barcha filiallaridagi xodimlarga, shu jumladan keyinchalik ishga qabul qilinganlarga ham tatbiq etiladi.
Hujjatda ishlab chiqarish samaradorligi bilan xodimlar manfaatining uzviy bog‘liqligiga e’tibor qaratilgan. Modernizatsiya, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, energiya va resurslarni tejash, mehnat unumdorligini oshirish bilan bir qatorda xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va munosib rag‘batlantirish masalalari ham nazarda tutilgan.
Ish beruvchi zimmasiga mehnat madaniyati va intizomini yuksaltirish, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, tarif stavkalari va ishbay baholarni amaldagi miqdoridan pasaytirmaslik, mehnat jamoasini zarur resurslar bilan o‘z vaqtida ta’minlash kabi majburiyatlar yuklatilgan.
Xodimlarni kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ham alohida ahamiyat berilgan. Bu ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish barobarida Jamiyat ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Kasaba uyushmasining xodimlar manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni ham aniq belgilangan. Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi vakillari ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha komissiyalarda ishtirok etadi, mehnat qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablari buzilganda kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor berilgan. Kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan moddiy yordam ko‘rsatish, kasb kasalligiga chalinganlar, ishlab chiqarishda jarohat olganlar, mehnat faxriylari, ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, davolanishga muhtoj xodimlarga sanatoriy-kurort yo‘llanmalari ajratish kabi choralar nazarda tutilgan.
Shuningdek, xodimlar va ularning farzandlari uchun sog‘lomlashtirish, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari, sayohatlar hamda bolalarning dam olishini tashkil etish kabi ijtimoiy yo‘nalishlar ham shartnomada o‘z aksini topgan.
Kasaba uyushmasiga ajratiladigan mablag‘lar tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, madaniy-ommaviy va sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarini rivojlantirish hamda ehtiyojmand xodimlarga ko‘mak berishga yo‘naltiriladi.
Shartnoma faqat huquq va imtiyozlarni belgilamaydi. Unda xodimlarning ham majburiyatlari ko‘rsatilgan: o‘z vazifasini halol va sifatli bajarish, mehnat intizomi, mehnat muhofazasi va xavfsizlik talablariga rioya qilish, ishlab chiqarish samaradorligiga hissa qo‘shish va Jamiyat mulkini asrab-avaylash.
Jamoa shartnomasining bajarilishi ustidan nazorat ham belgilangan. Taraflar vakillari uning ijrosi haqida mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishi yoki konferensiyasida muntazam hisobot berib boradi.
Har bir xodim o‘z huquq va majburiyatlarini bilishi muhim. Chunki jamoa shartnomasida belgilangan kafolatlardan foydalanish uchun, avvalo, ulardan xabardor bo‘lishni taqazo etadi.
Nodira G‘ANIEVA,
“O‘zbekko‘mir” AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi
ish boshqaruvchisi
Oxirgi yangiliklar:
Murakkab hududlarda bozor mexanizmi: aholi ko‘mirsiz qolmasligi uchun qanday choralar ko‘zda tutilgan?
Ko‘mir sanoatiga bozor mexanizmlarining joriy etilishi va aholini ko‘mir bilan ta’minlashga tadbirkorlik sub’yektlarining jalb qilinishi respublikamizning olis va borish...
O'qish
MAHALLIY KO‘MIR MAHSULOTLARINING YANGI ULGURJI NARXLARI
“O‘zbekko‘mir” AJ ko‘mir konida qazib olinadigan ko‘mir mahsulotlarining ulgurji narxlari (QQS bilan) qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublika tova...
O'qish
Brifing: ko‘mir ta’minotida yangi tizim: aholi uchun tanlov va raqobat imkoniyati kengaymoqda
Respublikamizda 2026/2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari, jumladan, tabiiy gaz yetib bormagan hudud...
O'qish
Xalqaro jurnalda Angren konchilari faoliyati haqida keng maqola chop etildi
“O‘zbekko‘mir” AJ faoliyatining xalqaro va sohaviy ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilayotgani geologiya, konchilik va ko‘mir sanoati sohalarida amalg...
O'qish