Dashtobod ko‘mir ombori faoliyati yuzasidan rasmiy axborot
Nashr qilingan sana: 20.05.2026 12:02:03Jizzax viloyati Zomin tumani Bunyodkor mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Dashtobod ko‘mir ombori faoliyati bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tanqidiy murojaat yuzasidan
Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati, Zomin tumani, Bunyodkor mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Ko‘mir ta’minot” MChJ Jizzax viloyati filialiga qarashli Dashtobod ko‘mir ombori faoliyati natijasida go‘yo chang-to‘zon ko‘tarilib, atrof aholi salomatligi va ekologik holatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqidagi tanqidiy murojaat yuzasidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida “Ko‘mir ta’minot” MChJ Jizzax viloyati filiali mutasaddilari, Dashtobod ko‘mir ombori ma’muriyati, mahalla faollari va murojaatchi fuqaro F. Meliqo‘ziev bilan suhbatlashildi.
Aniqlanishicha, Dashtobod ko‘mir ombori uchun Zomin tuman hokimining 30.11.2016-yildagi 1281-sonli qarori asosida sanoat hududida ajratilgan manzilda joylashgan bo‘lib, hozirgi kunda Zomin va Yangiobod tumanlari aholisi hamda budjet tashkilotlarini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda.
Shu bilan birga, ayni vaqtda omborda joriy kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir tarqatish ishlari hali boshlanmagani, huddudda ko‘mir tashish, ortish bilan bog‘liq texnka harakati kuzatilmagani ma’lum bo‘ldi.
Ombor faoliyati davomida ko‘mir changi tarqalishining oldini olish maqsadida suv sepish ishlari muntazam amalga oshirilayotgani, hudud devor bilan o‘ralgani hamda imkoniyat doirasida ekologik talablarga rioya qilinayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shu bilan birga, kuchli shamol bo‘lgan kunlarda atrofga chang tarqalishi holatlari kuzatilishi mumkinligi tasdiqlandi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarning ayrimlari 18 may kuni kuzatilgan kuchli shamol vaqtida tasvirga olingani aniqlandi.
O‘rganish jarayonida yana shu holat aniqlandiki, murojaatchi istiqomat qilayotgan uy-joy sanoat zonasiga tutash hududda joylashgan bo‘lib, mazkur qurilishning qonuniyligiga huquqiy baho berilmagan. Vaholanki, murojaatchi ushbu uy-joyni ombor faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan ancha keyin, berilgan ogohlantirishlarga qaramasdan, o‘zboshimchalik bilan barpo etgan.
Shunga qaramay, ko‘mir ombori faoliyatidan norozilik mazmundagi murojaat birinchi marta emas, masala bir necha bor takroran ko‘tarib kelinmoqda. Xususan, joriy yil yanvar oyida ham ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi tanqidiy chiqishlar kuzatilgan hamda “Ko‘mir ta’minot” MChJ Jizzax viloyati filiali tomonidan tegishli tushuntirish va amaliy choralar ko‘rilgan. Biroq murojaatchi bildirilgan javob va ko‘rilgan choralardan qoniqmagani ma’lum bo‘ldi.
Shu munosabat bilan, Kadastr agentligi Zomin tumani bo‘limiga mazkur uy-joy qurilishi qonunchilik talablari asosida amalga oshirilgan yoki oshirilmaganligini, yer uchastkasining ajratilishi hamda qurilish uchun tegishli ruxsat hujjatlari mavjudligini o‘rganib, natijasi bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rish yuzasidan taklif kiritildi.
Shuningdek, “Ko‘mir ta’minot” MChJ Jizzax viloyati filialiga ombor faoliyati davomida atrof-muhitga salbiy ta’sirni yanada kamaytirish, jumladan chang tarqalishining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Holat mutasaddi tashkilotlar tomonidan nazoratga olingan.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Korporativ etika: davlat xizmatchisi sovg‘a olishi mumkinmi?
Davlat xizmati tizimida xodimning har bir qarori, xizmatdagi munosabati va jamoatchilik bilan muloqoti nafaqat ichki mehnat intizomi, balki davlat organi yoki korxonasini...
O'qish
Korrupsiyaga qarshi kurash – jamiyat taraqqiyoti va ishonch omili
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat va jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatida shaff...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati Bosh direktorining bayram tabrigi
Hurmatli konchilar, konchilik va ko‘mir sanoati faxriylari! Qadrli hamkasblar! Barchangizni kasb bayrami – O‘zbekiston konchilik va metallurgiya sanoati xo...
O'qish