Eng ulug‘, eng aziz bayram – mustaqillik shodiyonasi “o‘zbekko‘mir”da
Nashr qilingan sana: 27.08.2026 18:08:06
Bayramni bayram qiladigan nima? Bezatilgan ko‘chalar, yangrayotgan kuy-qo‘shiqlar, dasturxonlaru shodiyonalarmi? Albatta, bularning ham o‘rni bor. Ammo bayramning haqiqiy fayzi – odamlarning ko‘nglidagi quvonch, bir-biriga bo‘lgan mehr-e’tibor va shukronalikda. Shunday emasmi?
Ayni kunlarda ana shu quvonch butun yurtimizni qamrab olgan. Ko‘chalarimizda bayram shukuhi, xonadonlarimizda fayzu baraka, odamlarimiz qalbida esa Vatanga bo‘lgan mehr va faxr tuyg‘usi hukmron.
Zero, Mustaqillik – oddiy bayram emas. U biz uchun o‘zligimizni, erkinligimizni, tinch va osoyishta hayotimizni anglatadigan, har yili qalbimizga yana bir bor g‘urur bag‘ishlaydigan eng ulug‘, eng aziz ayyomdir.
Mana shunday ulug‘ sana arafasida “O‘zbekko‘mir” AJ jamoasida ham bayram kayfiyati tobora ko‘tarilmoqda. Konlarda mehnat qizg‘in, hududlarda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda, jamoalarda turli ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Zero, bayram nafaqat quvonch, balki mehnatni qadrlash, insonni e’zozlash va el-yurt bilan birga shodlanish fursati hamdir.
Jamiyatimiz tomonidan 27-avgust kuni Angren shahridagi “Osiyo” tantanalar saroyida ikki ming nafarga yaqin ishchi-xodimlar, mehnat faxriylari va nuroniylar ishtirokida katta bayram tadbiri o‘tkazildi. An’anaga ko‘ra, bayram oshi tarqatilib, dasturxon atrofida samimiy suhbatlar, ezgu tilaklar va dildan chiqqan duolar yangradi.
Bayram quvonchini ehtiyojmand oilalar bilan bo‘lishishga ham alohida e’tibor qaratildi. Kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi, xodimlarga bayram munosabati bilan rag‘batlantirish pullari tarqatildi.
Chunki xalqimizda “Quvonchni bo‘lishsang, ko‘payadi”, degan gap bor. Mustaqillik bayrami munosabati bilan tashkil etilayotgan ana shunday xayrli ishlar ham jamoada mehr-oqibat, birdamlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Bu yilgi Mustaqillik shodiyonasi “O‘zbekko‘mir” AJ jamoasi uchun yana bir quvonchli voqea bilan alohida ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq, Jamiyatning “Transport” filiali kran mashinisti Namazov Azamat Isamatovich “Mehnat shuhrati” ordeni, shu filial buldozer mashinisti Imanov Baxodir Shakirovich “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Jamiyatning 12 nafar xodimi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlandi.
Bu mukofotlar ko‘mir sanoati korxonalari jamoasining mashaqqatli va fidokorona mehnatiga berilgan yuksak bahodir. Zero, konchi mehnati oson emas. Yer bag‘rida, og‘ir texnika va murakkab sharoitlarda mehnat qilayotgan insonning har bir ish kuni ortida yurt energetik barqarorligi, aholi farovonligi va iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz faoliyati turibdi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz barcha sohalarda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Bugun yurtimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi va energetik salohiyatini mustahkamlashda ko‘mir sanoatining ham munosib o‘rni bor.
Ayni paytda mamlakatimizda energiya resurslariga bo‘lgan talab tobora ortib borayotgani ko‘mir sanoati oldiga ham yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojning ortishi sohaning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, resurslardan samarali foydalanish va iste’molchilarni sifatli mahsulot bilan barqaror ta’minlashni taqozo etmoqda.
Shu bilan birga, ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarining bosqichma-bosqich joriy etilayotgani sohada yangi davrni boshlamoqda. Bu jarayon raqobat, shaffoflik va samaradorlikni oshirish bilan bir qatorda, “O‘zbekko‘mir” AJ jamoasidan mahsulot sifati, mehnat unumdorligi va iste’molchi manfaatiga yanada katta e’tibor qaratishni talab etadi.
Biz bu o‘zgarishlarni yangi imkoniyatlar sifatida qabul qilmoqdamiz. Oldimizda turgan asosiy vazifa, zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, ko‘mir qazib chiqarish hajmlarini oshirish va eng muhimi, xalqimiz ishonchini sifatli mahsulot hamda barqaror ta’minot bilan oqlashdir.
Ishonchimiz komilki, “O‘zbekko‘mir” AJning ahil, tajribali va fidoyi jamoasi oldimizda turgan vazifalarni munosib ado etib, ko‘mir sanoatining mamlakatimiz taraqqiyotidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Mustaqillik bizga nafaqat erkin yashash, balki Vatan ravnaqi uchun mehnat qilish, o‘z kasbimiz bilan yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shish imkoniyatini ham berdi. Bugungi bayram shodiyonasi esa ana shu imkoniyatlarning qadriga yetib, erishganlarimizdan faxrlanish va kelajakka yanada katta ishonch bilan qarash uchun yaxshi fursatdir.
Barcha konchilarimiz, ishchi-xodimlarimiz, mehnat faxriylari va nuroniylarimizni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin dildan muborakbod etamiz.
Ne’mat Dushayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari
Oxirgi yangiliklar:
“O‘zbekko‘mir”da davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq, bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida “O‘zbekko‘mir” AJ “...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ: ko‘mir qazib chiqarishda barqaror natijalar va yangi vazifalar
“O‘ZBЕKKO‘MIR” AJ: KO‘MIR QAZIB CHIQARISHDA BARQAROR NATIJALAR VA YANGI VAZIFALAR “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida 2026 yil birinchi yarim yilligi yakunlariga ba...
O'qish
Onlayn muloqot oʻtkaziladi
📣Diqqat, e'lon! Joriy yilning 26-avgust kuni, soat 12:00 "O‘zbekko‘mir" AJda sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda fuqarolarning murojaatlarini tingl...
O'qish