Qonunchilik talablarini tushuntirish ishlari davom etmoqda
Nashr qilingan sana: 14.10.2026 14:05:15“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablarini xodimlarga tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Navbatdagi ma’rifiy tadbir 13-oktabr kuni Jamiyatning “Idoraviy qo‘riqlash xizmati” filialida “Korrupsiyaga qarshi kurashish ‒ umumiy mas’uliyat” mavzusida o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi O‘RQ–1155-son Qonunining mazmun-mohiyati, yangi talablar va ulardan kelib chiqadigan vazifalar tushuntirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki mas’ul xizmatlarning vazifasi emas. Bu ‒ davlat organlari, tashkilotlar va ularda mehnat qilayotgan har bir xodimning umumiy mas’uliyati. Qonuniylikka amal qilish, xizmat vakolatlaridan to‘g‘ri foydalanish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash korrupsiyaning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari avvaldan shakllantirilgan. Xususan, 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun bu sohadagi asosiy huquqiy hujjatlardan biridir. Yangi qonunchilik o‘zgarishlari esa korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni takomillashtirish, ularning oldini olish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Qonun talablarini bilish va ularga amal qilish har bir xodimning kasbiy madaniyati hamda xizmat intizomining ajralmas qismidir. Xodim o‘z huquq va majburiyatlarini, xizmat vakolatlarining chegaralarini, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganda qanday yo‘l tutish lozimligini yaxshi bilishi kerak. Buning uchun huquqiy targ‘ibot ishlarini muntazam olib borish, xodimlarning huquqiy ongi va bilimlarini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shaffoflik, avvalo, kundalik faoliyatda qonun talablariga rioya qilishdan boshlanadi. Qarorlarni belgilangan tartibda qabul qilish, moliyaviy mablag‘lardan maqsadli foydalanish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va xizmat vazifalarini xolis bajarish har bir xodimdan mas’uliyat talab etadi. Rahbarlarning shaxsiy namunasi, ichki nazoratning samaradorligi va xodimlarning qonunbuzilish holatlariga befarq bo‘lmasligi ham bu borada muhim o‘rin tutadi.
Tadbirda Jamiyatning Komplaens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati inspektori Rahimjon Abidkayumov ishtirokchilarga Qonunning asosiy qoidalari, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olish, qonunchilik talablariga rioya etish hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligi yuzasidan tushuntirishlar berdi.
Shuningdek, filial faoliyatida qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy mablag‘lardan maqsadli foydalanish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda eng muhim vazifalardan biri — xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishdir. Qonun talablarini bilgan, o‘z huquq va majburiyatlarini anglagan, halollikni hayotiy tamoyil sifatida qabul qilgan xodim qonunbuzilishlarga befarq qaramaydi.
Shu bois bu jarayonda hech kim chetda qolmasligi kerak. Har bir xodim xizmat vazifasini vijdonan bajarishi, belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi va korrupsiyaviy holatlarga duch kelganda qonunchilikda belgilangan tartibda harakat qilishi lozim.
Zero, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish qonunni bilish, unga amal qilish va har bir xodimning shaxsiy mas’uliyatidan boshlanadi. Halollik, qonuniylik va shaffoflik kundalik faoliyat me’yoriga aylangandagina jamoada sog‘lom ish muhitini shakllantirish va jamoatchilik ishonchini mustahkamlash mumkin.
Muhriddin Odinamatov,
“O‘zbekko‘mir” AJ Komplayens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati inspektori poofessional mutaxassisi
Oxirgi yangiliklar:
Aholi iste’molchilariga ko‘mir mahsulotlari yangi tizim asosida yetkazib berilmoqda
Ayni kunlarda respublikamizda 2026–2027- yillar kuz-qish mavsumida aholini ko‘mir bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda. Vazirlar Mahkamasining 418-son qar...
O'qish
“Ko‘mirning rohatini uydagi odam biladi”
Ko‘mir qazish oson emas. Konchining ham, uni ishga olib borib, yana qaytarib keladigan haydovchining ham o‘z mashaqqati bor. Chang, loy, yozda jazirama issiq, qishda qahr...
O'qish
Korrupsiyaga qarshi kurashish: qonuniylik, shaffoflik va shaxsiy mas’uliyat
O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi O‘RQ–1155-son Qonuni korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish va korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobga...
O'qish