Samarqanddagi ijtimoiy soha obyektlariga koʻmir xaridi uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratildi
Nashr qilingan sana: 16.01.2023 07:51:57Qariyb bir haftadan buyon davom etayotgan anomal sovuq aholi uchun ham, korxona va tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklar uchun ham murakkab kechmoqda. Bunday vaziyatda ayniqsa, aholi xonadonlari, taʼlim va tibbiyot muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻmir mahsulotlari bilan taʼminlash, yetarli darajada issiqlik boʻlishiga erishishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ushbu sinovli kunlardan betalafot oʻtib olish maqsadida Samarqand viloyatida ham zarur chora-tadbirlar koʻrildi. Viloyat hokimligida, shuningdek, barcha tuman va shaharlarda, kommunal soha tashkilotlarida tunu kun faoliyat koʻrsatadigan shtablar, avariyalarni tezkor bartaraf etish uchun qoʻshimcha brigadalar tashkil etildi. Aholining xizmat koʻrsatish idoralari faoliyati bilan bogʻliq muammo va masalalarni tezkor aniqlash va hal etish maqsadida viloyat hokimligi tomonidan maxsus interaktiv tizim (samxalqnazorati.uz) yaratildi. Ushbu tizimlar orqali va bevosita aholi tomonidan bildirilayotgan murojaatlar belgilangan vaqtda koʻrib chiqilib, tezkor hal etish choralari koʻrilayotir.
Viloyat shtabidan olingan maʼlumotlarga koʻra, kuniga 200 dan ortiq murojaat qayd etilib, har bir masala mutasaddilarga yoʻnaltirilgan holda muammoga yechim topilmoqda. Albatta, oson boʻlayotgani yoʻq. Elektr energiyasi, tabiiy gaz va suv tarmoqlarida juda koʻp avariyalar kuzatilmoqda. Ortiqcha yuklama, tarmoqlarning muzlab qolishi va boshqa kutilmagan holatlar avariyalarni oʻz vaqtida bartaraf etishga xalaqit qilmoqda. Shunga qaramay ushbu sohalarning fidoyi xodimlari tunu kun oʻz vazifalarini bajarib, muammolarni tezkor hal etish choralarini koʻryapti. Sinovli kunlarda aholining ijtimoiy koʻmakka muhtoj va ehtiyojmand qatlamini moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun mahalliy hokimliklar tomonidan oziq-ovqat va koʻmir mahsulotlari tarqatilmoqda. Sovuq kunlarda koʻchalarda mehnat qilayotgan obodonlashtirish va boshqa sohalar xodimlari uchun, shuningdek, ehtiyojmandlarga bepul issiq ovqat tashkil etildi. Viloyatdagi 950 ta umumtaʼlim maktabi, 71 ta oʻrta-maxsus taʼlim va 13 ta oliy taʼlim muassasasida 11 yanvardan oʻqish jarayonlari boshlangan boʻlsa-da transportda borish qiyinligi, masofa uzoqligi va zarur issiqlik bilan taʼminlash imkoniyati cheklanganligi sababli 97 ta umumtaʼlim va 2 ta oʻrta-maxsus taʼlim muassasasida darslar 13 yanvardan, 208 ta umumtaʼlim maktabida 18 yanvardan boshlanishi belgilangan. Tabiiy gaz yetib bormagan va gaz bosimi past boʻladigan hududlardagi taʼlim va tibbiyot muassasalari joriy mavsum uchun davlat tomonidan koʻmir yoqilgʻisi bilan taʼminlangan boʻlsa-da bugungi vaziyatdan kelib chiqib, tuman va shahar hokimliklarining farmoyishlari bilan mahalliy byudjetning zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan koʻmir xarid qilishi uchun pul ajratildi.
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:

“O‘zbekko‘mir” AJ Bosh direktori N.U. Dusmatovninhg bayram tabrigi
Hurmatli konchilar va ko‘mir sanoati faxriylari! Qadrli hamkasblar! Barchangizni kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklayman. Mana, 2001 yildan buyon maml...
O'qish
Milliy liboslar bayramlarda ayniqsa yarashadi
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida haftaning har jumasi ‒ “Milliy liboslar kuni” sifatida nishonlanmoqda. Bu galgi “Milliy liboslar” chellenji Konchilarni...
O'qish
Konchilar mehnati e’tirof etildi
18-may – O‘zbekiston konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni! Shu munosabat bilan 16-may kuni “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida kasb bayramiga bag...
O'qish
“Eng yaxshi ixtirochi” tanlovida ishtirok eting!
“O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktorining “Eng yaxshi ixtirochi” tanlovini tashkil etish to‘g‘risida” 145-sonli buyrug‘i qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezi...
O'qish