Komplayens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati
Xizmat boshlig‘i – vakant
Komplayens-inspektori – Abduraimov Murodjon Uchqunjon o‘g‘li
MANFAATLAR TOʻQNASHUVINI OLDINI OLISH VA UNI TAKOMILLASHTIRISH BOʻYICHA TAKLIFLAR
1. Elektron deklaratsiya tizimini joriy etish. Mazkur tizim orqali deklaratsiya to‘ldirgan xodimlar tomonidan ko‘rsatilmagan yoki yashirilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida soliq, kadastr, bank ma’lumotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat xaridlari hamda boshqa elektron tizimlar bilan integratsiya yo‘lga qo‘yiladi. Natijada korxonada mavjud yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish imkoniyati yaratiladi.
2. Har yili manfaatlar to‘qnashuviga oid majburiy treninglarni tashkil etish. Ushbu treninglarda komplayens-nazorat tuzilmalari xodimlari bilan bir qatorda ichki audit, inson resurslarini rivojlantirish hamda xaridlar bo‘limlari xodimlarining ishtiroki ta’minlanadi. Bu esa xodimlar o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi masalasi barchaga taalluqli ekani haqida yagona tushuncha shakllantirib, shaxsiy javobgarlik hissini oshiradi.
3. Xodimlarning muqaddam sudlanganligi, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarning elektron platformalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish. Bunda faqatgina ma’lumotlarni ko‘rish (read-only) huquqi berilib, ularga o‘zgartirish kiritish imkoniyati cheklanadi. Bu orqali ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinadi.
4. Ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni o‘rganish jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini baholash maqsadida majburiy test va suhbat o‘tkazish. Bu orqali nomzodlarning mazkur sohadagi tushuncha va yondashuvlari aniqlanadi.
“O‘zbekko‘mir” AJ
Komplayens-nazorat va korrupsiyaga
qarshi kurashish xizmati
Komplayens inspektori M.U. ABDURAIMOV
2026-yil aprel
https://uzbekcoal.uz/uz/news/2026-yil-i-chorak-korrupsiyaga-qarshi-faoliyat
KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH TIZIMINING AMAL QILISHI TO‘G‘RISIDA 2026-YIL YANVAR–MART OYLARI BO‘YICHA MA’LUMOT
Komplayens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ-931-son Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida ijro apparati hamda tarkibiy filiallarda “Biz korrupsiyaga qarshimiz”, “Maishiy korrupsiya ko‘rinishlari hamda ularning oldini olish – vazifamiz!” mavzularida profilaktik davra suhbatlari o‘tkazildi.
Manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan lavozimlarda ishlovchi xodimlardan korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz bo‘lish, lavozim vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik hamda manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kafolat xatlari olindi.
2026-yil I chorak davomida jami 5718 ta deklaratsiya tahlil qilinib, 1 ta mavjud (to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuv) hamda 4 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlandi. Natijada:
– 1 ta holatda xodim o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etildi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri manfaatlar to‘qnashuvi bartaraf etildi;
– 2 ta ehtimoliy holat xodimlarni boshqa lavozimga o‘tkazish orqali bartaraf etildi;
– 2 ta holat yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Deklaratsiyalar tahlili jarayonida tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etayotgan 4 nafar xodimga manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli tushuntirilib, ogohlantirildi. Natijada 3 nafar xodim tadbirkorlikdagi ta’sischilik va rahbarlik faoliyatini to‘xtatdi, 1 nafar xodim esa o‘z xohishi bilan lavozimidan ozod etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son qarori talablariga muvofiq, joriy yilda jamiyat markaziy apparati va filiallari faoliyatiga oid 16 ta funksiya bo‘yicha korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlanib, baholash natijalari “E-anticor.uz” platformasiga joylashtirildi. Natijada xavf-xatarlar xaritasi va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi shakllantirildi.
Hisobot davrida jamiyat filiallarida korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan 7 ta profilaktik tadbir, davra suhbati va seminarlar o‘tkazildi. Ularda aniqlangan holatlar bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Tadbirlar jamiyatning “uzbekcoaluz” Telegram kanalida yoritib borildi.
“Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi” orqali ishga qabul qilingan N.F.ga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, uning taqdim etgan mehnat daftarchasidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi. To‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun tegishli organlarga yuborildi.
Hisob palatasining “Masofaviy audit” AAT orqali kelib tushgan ma’lumotlar asosida 6 nafar xodim bo‘yicha tahlil o‘tkazildi. Jumladan:
– 1 nafar xodim (X.D.) bir vaqtning o‘zida bir nechta tashkilotda ishlagani va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangani aniqlanib, u lavozimidan ozod etildi;
– 3 nafar xodimning fuqarolik-huquqiy shartnomalari asosida qo‘shimcha faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘lib, ulardan 2 nafari bilan shartnoma bekor qilindi;
– 1 nafar xodim qo‘shimcha ish faoliyatini tugatdi;
– 1 nafar xodim bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Komplayens-nazorat xizmati tomonidan jamiyatda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, deklaratsiyalarni tahlil qilish va ehtimoliy xavflarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
Komplayens-nazorat va korrupsiyaga
qarshi kurashish xizmati Komplayens inspektori M.U. Abduraimov
KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH TIZIMINI YANADA RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA TAKLIFLAR
1. Bugungi kunda, elektron shartnomalarda belgilangan majburiyatlarni (tovarni o‘z vaqtida yetkazib bermaslik, shartnomada ko‘rsatilgan tovarlarni o‘rniga boshqa tovarlarni taklif qilish, shartnomada ko‘rsatilgan xujjatlarni taqdim qilmaslik, uzoq vaqt aloqaga chiqmay va keyinchalik shartnomani bekor qilish) bajarmagan noinsof yetkazib beruvchilarni, faqatgina sud qarorlari asosida “Qora ro‘yxatga” kiritish imkoni mavjud. Ushbu holat, buyurtmachi tashkilotlarga talaygina noqulayliklar yaratmoqda va ishlab chiqarish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunga ko‘ra, o‘z majburiyatlarini 3 va undan ortiq bajarmagan tashkilotlarni, elektron savdo platformalarining o‘zida asoslantirilgan hujjatlar asosida “Qora ro‘yxatga” kiritish;
2. Manfaatlar to‘qnashuvi, qarindosh-urug‘chilik holatlarini barvaqt aniqlash, ishga kirayotgan nomzodlarni o‘rganish uchun maxsus dasturlar orqali tekshirish (ko‘rib chiqish)da maxsus ma’lumotlar tizimlari (my.gov.uz, my.soliq.uz, registr.stat.uz va hokazo)dan foydalanish vakolatini vazirlik va idoralardagi komplayens-nazorat tuzilmalari xodimlariga berish;
3. Ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlarni sudlanganlik, tibbiy holati bo‘yicha ro‘yxatda turish-turmasligi bo‘yicha ma’lumotlar olish imkoniyati masalasida amaliy yordam berilishi taklif etiladi
Komplayens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati
2026-yil, yanvar
JAMIYATDA HALOLLIKNI TA’MINLASH – BARCHAMIZNING BURCHIMIZ!
2025-yil, 21-iyul. Korrupsiya masalasi dunyo miqyosida hal etilishi lozim boʻlgan global muammolardan biridir. Bu muammo har qanday davlat va jamiyatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadigan, inson huquq va erkinliklarining poymol boʻlishiga olib keladigan salbiy illatdir. Shuning uchun ham bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi jamiyatning har bir bo‘g‘inida muhim ahamiyat kasb etib, kundalik hayotimizning muhim masalalari qatoridan joy oldi.
Xususan, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ushbu yo‘nalishda bir qator islohotlar, tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilib, jamoatchilik bilan ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Ko‘mir sanoatidagi eng yirik korxonalardan biri hisoblangan “O‘zbekko‘mir” AJ tarkibida 11 ta tuzilma faoliyat yuritmoqda. “Angren ko‘mir koni”, “Apartak ko‘mir koni”, “Shaxta usulida ko‘mir qazib olish” filiallari ko‘mir qazib chiqarishni amalga oshirsa, qolganlari avtotransport, temiryo‘l va xizmat ko‘rsatish kabi filiallar hisoblanadi.
Ushbu keng qamrovli jamiyat tizimida shaffof va xolis boshqaruvni ta’minlash, korrupsiyadan holi muhitni shakllantirish katta mas’uliyat va intizom talab etadi.
Jamiyat bosh direktorining 2024-yil 10-dekabrdagi 571-sonli buyrug‘i bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid 16 ta ichki me’yoriy hujjatlar yangidan ishlab chiqilib ijroga qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-71-sonli farmoni hamda “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-147-sonli qarorining ijrosi bo’yicha jamiyatda mavjud korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasini yangidan tashkil etish, qo‘shimcha shtatlar joriy etish to‘g‘risida jamiyat bosh direktorining 2025-yil 28-mayda 197-sonli buyrug‘i qabul qilinib, ijrosi ta’minlanmoqda.
Bugungi kunda jamiyatda ishga qabul qilish, lavozimdan lavozimga o‘tkazishda qabul jarayonlarida test bosqichi elektronlashtirildi. Yangi ishchi va mutaxassislarni tanlov asosida ishga qabul qilish, mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi bandlarni kiritish, shartnomalar tuzishda kontragentlarni tekshirish amaliyoti joriy etilgan.
Jamoatchilik bilan ochiq muloqot ham korrupsiyaga qarshi samarali kurashishning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan bu masalaga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar orqali so‘rovnomalar, onlayn muloqotlar tashkil etilib, fuqarolarning murojaatlari bevosita ko‘rib chiqilmoqda. Aniqlangan holatlar yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazilib, zarur chora-tadbirlar belgilanmoqda. Joriy yil 1-yarim jilda jamiyat filiallarida sohaga oid 11 ta profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilikning qo‘llovi va ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Ba’zi hollarda fuqarolar yoki ishchi-xodimlar korrupsiya to‘g‘risida xabar berishga tortinishadi, ishonmaslik yoki shaxsiy xavfsizlik masalalari ularni to‘xtatib qo‘yadi. Shu boisdan jamiyatda murojaatlar anonimligini ta’minlash, shaxsiy ma’lumotlarni sir saqlash kafolati berilishi tusuntirib kelinmoqda. Bu esa xodimlar va fuqarolarni faol bo‘lishga, jamiyatda yuzaga kelayotgan salbiy holatlarga befarq bo’lmaslikka undamoqda.
Jamiyatda yo‘lga qo‘yilgan onlayn chatlar orqali fuqarolar bilan bevosita muloqotlar ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Korxonaning rahbar mutaxassislari ishtirokidagi ushbu muloqotlarda jamiyat faoliyati, istiqbolli loyihalar va islohotlar haqida axborot berilib, aholining savol va takliflari batafsil o’rganilmoqda.
Shu bilan birga, jamiyatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida maxsus qayta aloqa kanallari tashkil etilgan bo‘lib, har bir fuqaro o‘z murojaati va fikrini yuborish imkoniyatiga ega. Bu esa davlat korxonalarida jamoatchilikning ishonchi va faol ishtirokiga asoslangan boshqaruv madaniyatini shakllantirish yo‘lida muhim qadam sanaladi.
Qisqacha aytganda, “O‘zbekko‘mir” AJda korrupsiyaga qarshi kurashish, kadrlar siyosatidagi shaffoflik, ochiq muloqot va jamoatchilik nazorati kabi mexanizmlar davlat korxonalarida mas’uliyatli boshqaruvning mustahkam poydevorini yaratmoqda. Bu tajriba nafaqat sohaviy samaradorlikni oshiradi, balki mamlakatimizda shaffof va adolatli boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yishda muhim o‘rin tutadi.
U.A.Ro‘ziyev,
Korrupsiyaga qarshi komplaens-nazorat bo‘limi boshlig‘i
Manbaa: https://uzbekcoal.uz/uz/news/jamiyatda-halollikni-taminlash-barcamizning-burcimiz
Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorati nima va u korrupsiyaga qay darajada barham bera oladi?
2021-yil, noyabr. 2020-2021-yillarda barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi ("komplayens-nazorat") joriy etildi. Jumladan, Oʻzbekistonda koʻmir qazib oluvchi va yetkazib beruvchi yirik va yetakchi korxona – Oʻzbekkoʻmir" AJda ham korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati (komplayens) tashkil etildi va oʻz faoliyatini olib bormoqda.
KORRUPSIYA jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Ushbu illatga qarshi kurashish sohasida davlat siyosati "Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida"gi Qonunning tizimlilik tamoyiliga asoslangan holda amalga oshirilmoqda.
Endi korrupsiyaga qarshi "komplayens-nazorat" tizimi nima degan, savolga kelsak. "Komplayens-nazorat" deganda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va ularning xodimlari faoliyatidagi korrupsiyaviy faoliyat sohalarini aniqlash va bartaraf etishga, ularning faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashishga oid xalqaro standart va tavsiyalarga, milliy qonunchilik hujjatlariga va ichki meyyorlarga muvofiqligini nazorat qilish va taʼminlashga qaratilgan universal profilaktik tizim tushuniladi.
Komplayens nazorat tizimi ilk bor AQShda 1906-yilda vujudga keldi. Bunga zaruriyat mamlakat iqtisodiyotida xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan kompaniya va korporatsiyalarning tashkil etilishi bilan bogʻliqdir.
Bugungi kunda "Baker and McKenzie" xalqaro yuridik firmaning 2019-yilgi rasmiy maʼlumotlariga asosan 150 dan ortiq mamlakatlardagi kompaniyalarida korrupsiyaga qarshi komplayens nazorat tizimi joriy etilgandir.
Oʻzbekistonda Korrupsiyaga qarshi qonunchilikka komplayens nazorat tizimi amaliyotining kirib kelishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi "Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-5729-sonli Farmoni bilan bogʻliqdir. 2021 yilning 6 iyulida "Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar oʻgʻrisida"gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish, 2021-yil 1-oktyabrgacha korrupsiya, manfaatlar toʻqnashuvi asosida tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlikda qatnashishi huquqiy oqibatlarini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
2021-yil 1-oktyabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlari, viloyat hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi va hokazo.
Yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, korrupsiya jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illat boʻlib, ushbu illatga qarshi birgalikda kurashish muhimdir. Shundan kelib chiqib, Siz "Oʻzbekkoʻmir" aksiyadorlik tizimidagi korxonalarda qonunbuzarlik va korrupsiya holatlariga duch kelsangiz, (78) 150-39-80 ishonch telefoni orqali bevosita "Oʻzbekkoʻmir" AJ korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati boshligʻiga murojaat qilishingiz mumkin.
Har bir murojaat shaxsan "Oʻzbekkoʻmir" AJ bosh direktori nazorati ostida qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
"Oʻzbekkoʻmir" AJ korrupsiyaga qarshi kurash xizmati
Normativ-huquqiy hujjatlar
"Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida" Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni. 2017-yil 3-yanvar, OʻRQ-419-son
https://www.lex.uz/acts/3088008
Agar siz “O‘zbekko‘mir” AJ korxonalarida qonunbuzarlik yoki korrupsiya holatlariga duch kelgan bo‘lsangiz, quyidagi ishonch telefonlariga murojaat qiling:
📞 (78) 150-39-80
📱 +998 (99) 091-17-65
Bevosita “O‘zbekko‘mir” AJning Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati rahbariga murojaat qilishingiz mumkin.
📨 Shuningdek, Telegram orqali ham xabar yuborish mumkin:
👉 https://t.me/uzbekcoal_antikorrupsiya_bot
Har bir murojaat “O‘zbekko‘mir” AJ Bosh direktori nazorati ostida, amaldagi qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqiladi.
👤 Jismoniy shaxsning arizasi asosida ko‘rib chiqiladigan murojaatlarda, uning shaxsiy ma’lumotlari oshkor etilmaydi.
📄 Murojaat natijalari bo‘yicha hujjatlar, zarur hollarda, tegishli vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga huquqiy baho berish uchun yuboriladi.
Если вы столкнулись со случаями нарушений и коррупции на предприятиях АО «Узбекуголь», обращайтесь по горячей линии (78) 150-39-80 к руководителю антикоррупционной службы АО «Узбекуголь». ", а так же в телеграм https://t.me/uzbekcoal_antikorrupsiya_bot можно отправить сообщение.
Каждое обращение рассматривается лично под контролем Генерального директора АО «Узбекуголь» в порядке, установленном законодательством.
По заявлению физического лица обращения рассматриваются без раскрытия каких-либо сведений о его личности, а документы о результатах рассмотрения при необходимости передаются в соответствующие компетентные правоохранительные органы для проведения правовой оценки.
Qoidalar va reglament