Murojaat o‘z tasdig‘ini topdi: mas’ul xodimlarga intizomiy choralar qo‘llanildi
Nashr qilingan sana: 05.08.2026 19:33:23
“O‘zbekko‘mir” AJ murojaatlar boti orqali fuqaro M.A. Xudoyberdievadan “Ko‘mir ta’minot” MChJ Namangan filiali Uchqo‘rg‘on tumani ko‘mir ombori faoliyati yuzasidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda ombor hududidagi jamiyatga tegishli avtotarozidan belgilangan tartibdan tashqari holatlarda foydalanilayotgani haqidagi vajlar bayon etilgan.
Murojaatni xolis va har tomonlama o‘rganish maqsadida “Ko‘mir ta’minot” MChJning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ul xodimi tomonidan Namangan filialiga xizmat safari amalga oshirildi. O‘rganish jarayonida Uchqo‘rg‘on tumanidagi ko‘mir ombori ko‘zdan kechirilib, ombordagi mavjud sharoitlar, jumladan, narxlar ko‘rsatkichlari, tarozi sertifikatlari, ishonch telefonlari, korrupsiyaga qarshi axborot stendlari hamda kuzatuv kameralari holati o‘rganildi.
Tekshiruv davomida murojaat muallifi yozma tushuntirish berib, o‘z iddaolarini tasdiqlovchi foto va video materiallar jamlangan USB-flesh xotira qurilmasini taqdim etdi. Ashyoviy dalil belgilangan tartibda dalolatnoma asosida qabul qilindi.
Shuningdek, ombor mudiri, ekspeditor-kassir va qorovullardan tushuntirish xatlari olindi. O‘rganish davomida ayrim tadbirkorlar va dehqonlarga tegishli yuk avtomashinalari ombor hududidagi jamiyatga qarashli avtotarozidan foydalangani aniqlandi. Ombor mudiri ham ayrim tanishlarining avtomashinalarini tarozida o‘lchatish uchun ombor hududiga kiritganini tan oldi.
Taqdim etilgan foto va video materiallar hamda yig‘ilgan dalillar tahlili natijasida murojaatda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi. Jamiyatga tegishli avtotarozidan belgilangan tartibga zid ravishda tashqi shaxslar tomonidan foydalanilgani bo‘yicha tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi.
Xizmat tekshiruvi yakunlari bo‘yicha “Ko‘mir ta’minot” MChJ tomonidan jamiyatning Namangan filiali rahbari G. Ataxanovga ombor xodimlari faoliyati ustidan nazoratni yetarli darajada ta’minlamagani uchun intizomiy jazo – hayfsan qo‘llanildi.
Uchqo‘rg‘on tumani ko‘mir ombori mudiri Sh. Mirzaev lavozim yo‘riqnomasi talablarini qo‘pol ravishda buzgani, avval qo‘llanilgan intizomiy jazodan tegishli xulosa chiqarmagani hamda jamiyat mulkidan belgilangan tartibga zid ravishda foydalanish uchun sharoit yaratgani munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish masalasini kasaba uyushmasi bilan kelishish uchun tegishli taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, ombor ekspeditor-kassiri B. Usmanov va qorovul X. Qayumov xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi tegishli jazo choralari qo‘llanildi.
“O‘zbekko‘mir” AJ tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularda keltirilgan vajlarni xolis va har tomonlama o‘rganish hamda aniqlangan qonunbuzilish holatlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish amaliyoti izchil davom ettirilmoqda.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
“Yoshlar bilan bir kun” aksiyasi doirasida uchrashuv
“O‘zbekko‘mir” AJ tasarrufidagi “TTUSZ” filialida “Yoshlar bilan bir kun” aksiyasi doirasida tadbir tashkil etildi. Unda “TTUSZ” filiali rahbari D. Kamalov hamda Bosh di...
O'qish
Ko‘mir mahsulotlarini realizatsiya qilish va aholiga yetkazib berish bo‘yicha
Ko‘mir narxlarining bozor tamoyillari asosida shakllanishi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda ko‘mir mahsulotining narxi va sifati, yetkazib beruvchilarni tanlash...
O'qish
Jamoa shartnomasi: huquq, kafolat va imtiyozlar muhokama markazida
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi filiallarda 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasining mazmun-mohiyatini mehnat jamoalariga yetkazishga qarati...
O'qish