YANAGI YOZGACHA XAYR, “KOINOT!”
Nashr qilingan sana: 11.08.2022 06:48:43“O‘zbekko‘mir” AJ’ga qarashli “Koinot” bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohida joriy mavsum nihoyasiga yetdi. Oldinda Mustaqillik bayrami va yangi o‘quv yili, mashaqqatli aqliy mehnat mavsumi. Ha, xushmanzara tabiat qo‘ynidagi so‘lim oromgoh bilan xayrlashish oson emas. Ammo ushbu maskanda o‘tgan sho‘x-shodon kunlar, orttirgan yangi do‘stlar dillarga taskin beradi.
Iyun-avgust oylari to‘rt mavsumda ishlab, ming nafardan ortiq angren konchilari farzandlari va mehmon bolalarni o‘z bag‘riga olgan oromgohda mavsumning yopilish marosimi o‘tkazildi. Shu tariqa bu yerga o‘rgangan o‘g‘il-qizlar oromgoh bilan, tarbiyachilar va yetakchilari bilan ko‘zlarida yosh ila xayrlashdilar.
Tadbirda hozir bo‘lgan ko‘mir sanoati korxonalari kasaba uyushma qo‘mitalari vakillari yosh avlod vakillarining hayajonidan chuqur ta’sirlanib, bolalarni ular kelgusi yilda yana oromgohga kelishlariga ishontirishdi.
Ta’kidlash kerak, oromgohda kechgan kunlar nihoyatda tig‘iz va qiziqarli bo‘ldi. Dam oluvchilar o‘rtasida hovuzda suzish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Bunda bolalar o‘zlarini zo‘r suzuvchilar sifatida ko‘rsatdilar. Bu yerda tashkil etilgan badiiy hunarmandchilik, rasmlar tanlovlari, mavzuli viktorinalar, kulgili estafetalar, futbol o‘yinlari va boshqa sport tadbirlari hech kimni befarq qoldirmadi. Eng faol bolalar va ularning yetakchilari, tarbiyachilaru to‘garak a’zolariga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda Angren shahridagi 21-maktab o‘quvchisi Leyla Ergasheva yozgi mavsum davomida oromgohda nafaqat dam oldi, balki sport va ijtimoiy-madaniy tadbirlarda ham yuksak shaxsiy faollik ko‘rsatgani alohida ta’kidlandi. Leyla ana shu faolligi uchun faxriy diplom va esdalik sovg‘asi sohibi bo‘ldi.
Oromgoh faoliyatini namunali tashkil etib, yosh avlodning mazmunli hordiq chiqarishiga munosib hissa qo‘shgani uchun oromgoh rahbari D.Normurodova, katta tarbiyachi M.Barakayevalar ham munosib rag‘batlantirildilar.
Bir so‘z bilan aytganda, minnatdorlik timsollariga to‘la kechgan tadbir uning ishtirokchilari uchun unutilmas bo‘ldi.
Elvira YUSUPOVA,“Koinot” oromgohi sport yo‘riqchisi

Oxirgi yangiliklar:
Pensiya ta’minoti tizimidagi yangiliklar muhokama qilindi
“O‘zbekko‘mir” AJda pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga qaratilgan Prezident farmoni loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi....
O'qish
Ko‘mir bor joyda tabiatga ham e’tibor bor
Bilamizki, bir tonna ko‘mir faqat energiya manbaigina emas. U tabiat oldidagi mas’uliyatni ham anglatadi. Uni qazib olish, saralash, tashish va saqlashning har bir b...
O'qish
Kuz-qish mavsumi: favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik kuchaytirilmoqda
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va energetika sohasi ob’ektlarining mavsumiy barqarorligini ta’minlash maqsadida...
O'qish
Ish jarayonida ham sportga hamisha vaqt topiladi
Korxonamizda xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, jismoniy faolligini oshirishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun barcha zarur sharoitlar y...
O'qish