Ko‘mir sanoatini rivojlantirish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi
Nashr qilingan sana: 26.05.2026 20:15:27

Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va yangi investisiya loyihalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqida O‘zA xabar qildi.
Ko‘mir iqtisodiyot tarmoqlari, issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy муассасалар va aholi ehtiyojini ta’minlashda muhim energiya manbalaridan biri hisoblanadi. Shu bois sohada barqaror ta’minot, mahsulot sifati, narxlar shaffofligi, raqobat muhiti va ekologik talablarni ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega.
Mustaqillikning dastlabki 25 yilida ko‘mir qazib chiqarish o‘rtacha 3,1 million tonnadan 4 million tonnagacha oshgan bo‘lsa, so‘nggi 9 yilda ushbu ko‘rsatkich 10 million tonnaga yetkazildi. Kelgusi kuz-qish mavsumida ko‘mir qazib chiqarish hajmini 11 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda ko‘mir qazib chiqaruvchi xususiy tadbirkorlar soni 18 taga yetdi. 2023-2025 yillarda ular tomonidan geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilib, 2,4 million tonna ko‘mir qazib chiqarildi. Bu jarayonlarga 117,2 million dollar xususiy investisiyalar yo‘naltirildi. Angren va Sharg‘un ko‘mirlarini aralashtirish hisobiga issiqlik elektr stansiyalariga 1,5 million tonna import o‘rnini bosuvchi, yonuvchanligi yuqori bo‘lgan mahalliy ko‘mir yetkazildi.
Taqdimotda ko‘mir narxlarini shakllantirishni bozor tamoyillariga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.
Amaldagi tartibda narxlarni ma’muriy belgilash ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy barqarorligiga, yangi investisiya kiritish va qazib chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan 2026 yil 1 iyundan boshlab ko‘mir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyotini bekor qilish hamda ko‘mirni davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar strategik turlari ro‘yxatidan chiqarish taklif qilindi. Bunda ko‘mir narxi talab va taklif asosida shakllanadi, iste’molchilarga birja savdolari orqali sotiladi.
Ushbu yondashuv sohada ochiq raqobat muhitini yaratish, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit ta’minlash, ishlab chiqaruvchilarni qo‘shimcha hajm va sifat uchun rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Issiqlik elektr stansiyalari va yirik iste’molchilar ko‘mirni “taklif so‘rovi” tartibi asosida, hisobot davridagi o‘rtacha birja narxlarida xarid qilishi mumkin bo‘ladi.
Aholi va byudjet muassasalarini ko‘mir bilan barqaror ta’minlash uchun alohida mexanizm joriy etiladi. Ko‘mir qazib chiqaruvchilar mahsulotni birja savdolarida alohida savdo maydonchasi orqali yetkazib beruvchi tadbirkorlarga sotadi. Tadbirkorlar omborxonasi, texnikalari va soliq reytingi kabi mezonlar asosida elektron tizim orqali tanlanadi.
Respublika bo‘yicha aholi va byudjet tashkilotlariga yetkazib beriladigan ko‘mir narxlari o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish maqsadida temir yo‘lda tashish yagona tarif asosida amalga oshiriladi. “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati tugatilib, hududlardagi 96 ta ko‘mir ombori va texnikalar auksion savdolari orqali sotiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mycoal.uz portali orqali ko‘mir sotib olgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga joriy yil iyun-dekabr oylarida 600 ming so‘mgacha bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bu chora bozor mexanizmlariga o‘tish sharoitida ehtiyojmand oilalarni manzilli himoya qilishga qaratilgan.
Import ko‘mir sifati va ekologik xavfsizligi bo‘yicha ham yangi talablar belgilanadi. Respublika hududiga olib kiriladigan ko‘mirning oltingugurt miqdori, kaloriyasi va boshqa ko‘rsatkichlariga talablar ishlab chiqiladi. Belgilangan ekologik va sifat talablariga javob bermaydigan import ko‘mirdan respublika hududida foydalanish va uni sotish taqiqlanadi. Kelgusida ko‘mir importi faqat temir yo‘l orqali amalga oshiriladi.
Taqdimotda Nishbosh ko‘mir konini o‘zlashtirish investisiya loyihasi haqida ham axborot berildi. Ushbu loyihaning umumiy zaxirasi 233 million tonna, yillik qazib chiqarish quvvati 10 million tonnani tashkil etadi. Qiymati 494 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida 880 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, ushbu kon negizida umumiy quvvati 1,4 gigavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish taklif qilindi. Loyihaga ko‘ra, 1,3 milliard dollar investisiya jalb qilinib, har biri 350 megavatt quvvatga ega 4 ta energoblok ultra yuqori kritik texnologiyalar asosida quriladi.
Qurilish davrida 1 500 ta, loyiha to‘liq ishga tushgach, 310 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Stansiya yiliga o‘rtacha 9,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi, 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini berishi kutilmoqda.
Shuningdek, taqdimotda tog‘-kon sanoatida mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xorijiy investisiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, yirik kombinatlar va tarmoq korxonalari ehtiyojlarini birlashtirish, uzoq muddatli shartnomalar asosida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, tog‘-kon sanoatida import o‘rnini bosish salohiyatini 2,1 milliard dollargacha yetkazish imkoniyati mavjud. Bu, avvalo, texnika, ehtiyot qismlar, kimyoviy reagentlar va yirik agregatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga ta’minlanadi.
Shu munosabat bilan 2027-2030 yillarga mo‘ljallangan tog‘-kon sanoatida mahalliylashtirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.
Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
O‘zA
Oxirgi yangiliklar:
“O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktori Nodirbek Uktamjanovich Dusmatovning bayram tabrigi
Qadrli ko‘mir sanoati xodimlari va mehnat faxriylari! Hurmatli hamkasblar! Sizni muborak Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklayman. Qurbon hayiti xalqimiz hayotid...
O'qish
"O'zbekko'mir” AJ da “DOLZARB 30 KUN” oyligi davom etmoqda
“Dolzarb 30 kun” oyligi: xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda Yurtimizda joriy yilning 1-mayidan 31-mayiga qadar favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aho...
O'qish
Avtomobilga bog‘liq hayotdan chiqish vaqti keldi?
Odatdan siyosatga aylanayotgan o‘zgarish Bugun hayotimizni avtomobilsiz tasavvur qilish qiyin. Zamonaviy shahar hayoti, ishga yetib borish, xizmat ko‘rsatish va kundal...
O'qish