Brifing: iste’molchilarni ko‘mir bilan ta’minlashning borishi yuzasidan ma’lumot berildi
Nashr qilingan sana: 22.10.2025 13:43:14Joriy yilning 22-oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari Ne’mat Dushayev ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda respublika aholisi va byudjet tashkilotlarini mahalliy ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan iste’molchilarni arzonlashtirilgan mahalliy ko‘mir bilan ta’minlash ishlari izchil davom etmoqda.
Jamiyatda bu yil 6,8 million tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan bo‘lib, 21-oktyabr holatiga 5 million 568 ming tonna qazib olingan.
Aholi va byudjet tashkilotlariga 2 million 128,1 ming tonna mahsulotni yetkazib berish rejalashtirilgan.
Bugungi kun holatiga ko‘ra, byudjet tashkilotlariga yetkazib berilgan ko‘mir mahsuloti miqdori 651,1 ming tonnaga yetkazilib, reja bajarildi.
Respublika aholisi ehtiyojlari uchun 1 million 405 ming tonna mahalliy ko‘mir ajratilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 210 ming tonnaga ko‘pdir. 21-oktyabr holatiga aholiga yetkazib berilgan mahalliy ko‘mir mahsuloti miqdori 343,9 ming tonnadan ortdi.
Mahalliy yoqilg‘i “Ko‘mir ta’minot” MCHJga qarashli 103 ta hududiy ombor orqali tarqatilmoqda.
– Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda aholiga ko‘mir tarqatish bilan bog‘liq turli tanqidiy xabarlar e’lon qilinmoqda. Jamiyat bu kabi xabarlarni ta’minotdagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etishda foydali deb biladi, – dedi N. Dushayev. – Biroq, ayrim ma’lumotlar faktlarga asoslanmagani, mahalliy ko‘mir mahsulotining o‘ziga xos xususiyatlari yoki taqsimot mexanizmi to‘liq anglanmagani ham kuzatilmoqda.
Brifingda aholi iste’molchilariga mahalliy ko‘mirning o‘ziga xos xususiyatlari, narxi va tarqatish mexanizmlari haqida ham ma’lumotlar keltirildi.
“O‘zbekko‘mir” AJda mahsulotning asosiy qismi ochiq usulda qazib olinadi. Angren ko‘mirining inkubasion davri qisqa — o‘rtacha 1,5–2 oy bo‘lgani sababli, aholi uchun mo‘ljallangan tayyor mahsulot asosan sentyabr–oktyabr oylarida ortib yuboriladi.
Tarqatish jarayonlari Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 29 sentyabrdagi 551-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Respublika aholisini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash to‘g‘risidagi Nizom” talablari asosida amalga oshiriladi. Hududiy omborlardagi mahsulot taqsimoti Mycoal.uz elektron platformasidagi ro‘yxat va mahalliy hokimliklar tasdiqlagan mahalla kesimidagi jadval asosida bajariladi.
Omborlarda ko‘mir faqat elektron ro‘yxatda mavjud shaxslarga sotilishi kerak. Har bir oilaga taqsimot hudud iqlimiga qarab 1–2 tonna miqdorda belgilangan.
Ko‘mir xarid qilishda iste’molchilarga qulayliklar yaratilgan. Har bir xaridor ko‘mirni sotib olayotganda sifat guvohnomasini talab qilish huquqiga ega. “Ko‘mir ta’minot” MCHJ hududiy omborlarida aholi tomonidan xarid qilingan mahsulot omborga tegishli avtoyuklagichlarda bepul yuklab beriladi.
Xaridor sotib olgan yoqilg‘ini shaxsiy yoki kelishuv asosida ombor tasarrufidagi hamda xususiy tashuvchilar xizmatidan foydalanib olib ketishi mumkin.
Aholi uchun mo‘ljallangan mahalliy ko‘mirning markasi — 2BZR, fraksiyasi — 25–500 mm, namligi — 35%, kulchanligi — 18%. 1 tonnasining narxi — 309 800 so‘m.
Bugungi kunda mahalliy ko‘mir zaxirasi yetarli. Misollarga murojaat qiladigan bo‘lsak, jamiyatda kuniga rejadagi 21 ming tonnadan oshirib ko‘mir qazib olinmoqda va aholi uchun sutkasiga 10 ming tonnadan ortiq mahsulot yuborilmoqda.
Ko‘mir mahsuloti hududiy omborlar orqali adolatli taqsimlanishi lozim. Bu borada mahalliy hokimliklar, jamoatchilik vakillari hamda fuqarolardan faol jamoat nazoratini ta’minlash so‘raladi.
Sun’iy navbatlarning oldini olish maqsadida aholiga mahalla kesimidagi jadvalga qat’iy amal qilish tavsiya etiladi.
Iste’molchilar mahalliy ko‘mir mahsuloti xarid qilish chog‘ida muammoga duch kelsa, quyidagi “Ishonch telefonlari” orqali murojaat qilishlari mumkin:
📞 “O‘zbekko‘mir” AJ: 78-148-30-03
📞 “Ko‘mir ta’minot” MCHJ: 71-244-38-28
https://www.youtube.com/live/iFMFvkfZV1k?si=ifbU7oseWKejYFfO
Oxirgi yangiliklar:
“O‘zbekko‘mir” xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xo...
O'qish
Konchilar spartakiadasi: kuch, mahorat va hamjihatlik
“O‘zbekko‘mir” AJda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bos...
O'qish
Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik: yangi talablar
Joriy yilning 21-avgust kuni “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Markaziy dispetch...
O'qish
Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar diqqatiga!
“O‘zbekko‘mir” AJning 2026-yil I yarim yillik faoliyati yakunlari va galdagi ustuvor vazifalari mavzusida matbuot anjumani o‘tkaziladi. Manzil: O‘zMTRK “Toshkent” tel...
O'qish