Brifing: ko‘mir ta’minotida yangi tizim: aholi uchun tanlov va raqobat imkoniyati kengaymoqda
Nashr qilingan sana: 06.10.2026 15:37:59Respublikamizda 2026/2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari, jumladan, tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda ko‘mir yoqilg‘isi bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada “O'zbekko‘mir” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, aholi va budjet tashkilotlarini ko‘mir bilan ta’minlashda joriy yildan yo‘lga qo‘yilgan yangi tizim, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan 6-oktabr kuni ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
Unda “O‘zbekko‘mir” AJ Marketing va mahsulot yetkazib berish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Ko'chimov ishtirok etdi.
Brifingda aholi va budjet tashkilotlarini ko‘mir bilan ta’minlashda bozor mexanizmlariga asoslangan yangi tartibning mazmun-mohiyati, bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar va oldinda turgan vazifalar haqida ochiq ma’lumot berildi.
Aholi uchun 1,5 million tonnadan ortiq ko‘mir yetkazib beriladi
Joriy yilda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan aholi iste’molchilariga 1 million 530 ming tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan.
2026-yil 6-oktabr holatiga aholi uchun 377 ming 85 tonna ko‘mir birja savdolariga chiqarildi. Shundan 273 ming 505 tonnasi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xarid qilindi.
Xarid qilingan ko‘mirning 18 ming 797 tonnasi ortib yuborildi. Shundan 9 ming 413 tonnasi qabul qilib olingan.
6-oktabr holatiga tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan aholiga 7 ming 532 tonna ko‘mir sotildi.
Yangi tizim qanday ishlaydi?
Brifingda sohada joriy etilgan yangi tizimga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yildan aholi va budjet tashkilotlariga ko‘mir yetkazib berishda yangi tartib joriy etildi. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-yuldagi 418-son qarori bilan ko‘mir sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish belgilangan.
Yangi tizimdagi muhim o‘zgarishlardan biri ‒ mahalliy ko‘mir uchun davlat tomonidan qat’iy narx belgilash amaliyotining bekor qilinganidir.
Endilikda “O‘zbekko‘mir” AJ aholi va budjet tashkilotlari uchun mo‘ljallangan ko‘mirni belgilangan hajmlarda birja savdolariga ochiq va shaffof tarzda chiqaradi.
Belgilangan talablarga javob beradigan tadbirkorlik sub’ektlari esa ko‘mirni birja orqali xarid qilib, aholiga yetkazib beradi.
Bunda tadbirkorlik sub’ekti ko‘mirni xarid qilish, tashish, saqlash va boshqa xarajatlarini inobatga olgan holda, bozor sharoitida shakllangan narx asosida mahsulotni iste’molchiga taklif etadi.
Asosiy maqsad ‒ raqobat va tanlov imkoniyatini kengaytirish
Yangi tizimning muhim jihatlaridan biri ‒ ko‘mir savdosida raqobat muhitini shakllantirishdir.
Shu maqsadda har bir tumanda kamida uchta tadbirkorlik sub’ektidan iborat ko‘mir sotuvchilari ro‘yxatini shakllantirish nazarda tutilgan.
Bu esa aholiga bir nechta sotuvchidan birini tanlash, mahsulot va narxlarni solishtirish hamda o‘zi uchun qulay variantni belgilash imkonini beradi.
Shu tariqa ko‘mirni aholiga yetkazib berish jarayonida tadbirkorlik sub’ektlarining ishtiroki kengayib, bozor ishtirokchilari o‘rtasida raqobat muhitini shakllantirishga sharoit yaratiladi.
Aholi ko‘mirni qaerdan va qanday xarid qiladi?
Yangi tizimga ko‘ra, “O‘zbekko‘mir” AJning asosiy vazifasi ‒ aholi va budjet tashkilotlari uchun zarur bo‘lgan ko‘mirni qazib chiqarish, uni belgilangan hajmlarda birja savdolariga o‘z vaqtida chiqarish hamda bozor ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratishdan iborat.
Ko‘mirni aholiga yetkazib berish va sotish jarayonida esa talablarga javob beradigan tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etadi.
Shuningdek, aholi ko‘mirni hududlarda shakllantirilgan sotuvchilar orqali xarid qilishi mumkin. Sotuvchilar o‘rtasidagi raqobat esa iste’molchilar uchun tanlov imkoniyatini kengaytiradi.
Yangi tartib orqali ko‘mir bozorida ochiq va shaffof muhitni shakllantirish, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida raqobatni kuchaytirish hamda aholi uchun tanlov imkoniyatlarini kengaytirish maqsad qilingan.
Kuz-qish mavsumida aholi ehtiyojini zarur hajmdagi ko‘mir bilan ta’minlash, mahsulotni o‘z vaqtida birja savdolariga chiqarish va uni iste’molchilarga yetkazib berish ishlari belgilangan tartibda davom ettiriladi.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Jonli efirda: https://youtu.be/_W89ByUct2E
Oxirgi yangiliklar:
Xalqaro jurnalda Angren konchilari faoliyati haqida keng maqola chop etildi
“O‘zbekko‘mir” AJ faoliyatining xalqaro va sohaviy ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilayotgani geologiya, konchilik va ko‘mir sanoati sohalarida amalg...
O'qish
OAV diqqatiga: “Ko‘mir ta’minotida yangi tizim ‒ yangi imkoniyatlar” mavzusida brifing o‘tkaziladi
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aholi va budjet tashkilotlarini ko‘mir bilan ta’minlashda joriy yildan amal qilayotgan yangi tizim, birja savdolari, tadbir...
O'qish
Dashtobod ko‘mir ombori faoliyati yuzasidan rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida Jizzax viloyati Zomin tumani Dashtobod shahri, “Bunyodkor” mahallasi hududida joylashgan Dashtobod ko‘mir ombori faol...
O'qish