Brifing: ko‘mir xarid qilgan ehtiyojmand oilalarga 600 ming so‘mgacha kompensatsiya beriladi
Nashr qilingan sana: 15.10.2026 16:15:36Joriy 2026-yilda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jamiyat tomonidan 5,7 million tonna ko‘mir qazib chiqarish va iste’molchilarga 7 million tonna yetkazib berish rejalashtirilgan. Shundan 1 million 530 ming tonna ko‘mir aholi ehtiyojlari uchun yo‘naltiriladi.
Bu haqida 15-oktabr kuni OAVlar uchun kotent tayyorlash markazida jamiyat marketing va mahsulot yetkazib berish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Alisher Ko‘chimov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Jamiyat tomonidan 15 oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining aholi uchun ajratilgan savdo maydonchasida 476 445 tonna ko‘mir savdoga chiqarildi. Tadbirkorlar 319 850 tonna ko‘mir xarid qildi. Shartnomalar asosida 48 127 tonna ko‘mir konlardan yuklab jo‘natildi, 30 532 tonnasi qabul qilib olindi. mycoal.uz platformasi orqali aholiga sotilgan ko‘mir hajmi 19 185 tonnani tashkil etdi.
Ko‘mir sifatiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Konlarda qazib olish va saralash jarayonlari takomillashtirilib, iste’molchilarga talab darajasidagi mahsulotni yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 30 iyuldagi 418-son qarori asosida aholini ko‘mir bilan ta’minlashning yangi tartibi joriy etildi. Uning asosiy maqsadi — ko‘mir bozorida raqobatni rivojlantirish, aholiga tanlov imkoniyatini yaratish va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash.
Hozirga qadar hududiy hokimliklar tomonidan ko‘mir yetkazib berish uchun 81 ta tadbirkorlik sub’ekti ro‘yxati shakllantirildi. Har bir hududda kamida uchta tadbirkor faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali fuqarolarga narx va xizmat shartlarini solishtirib, maqbul yetkazib beruvchini tanlash imkoniyati yaratilmoqda.
Brifingda ta’kidlanganidek, yangi tizimda “O‘zbekko‘mir” AJ ko‘mir qazib chiqarish, birja savdolariga chiqarish va xarid qilingan mahsulotni konlardan yuklab jo‘natishga mas’ul. Hokimliklar hududlar ehtiyojini o‘rganish va ta’minotni muvofiqlashtiradi, tadbirkorlar esa ko‘mirni saqlash, tashish va iste’molchilarga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Fuqarolar ko‘mirni mycoal.uz interaktiv portali va mobil ilovasi orqali buyurtma qilishi mumkin. Bu orqali ular hududidagi takliflarni o‘rganib, narx va sifatga qarab yetkazib beruvchini tanlaydi.
418-son qarorda belgilangan muhim choralardan biri ‒ Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarga ko‘mir xaridi uchun kompensatsiya to‘lashdir.
Kompensatsiya tartibiga ko‘ra, portal yoki mobil ilova orqali xarid qilingan har bir tonna ko‘mir uchun 300 ming so‘m to‘lanadi. Bir oilaga bir kalendar yilda beriladigan kompensatsiya miqdori 600 ming so‘mdan oshmaydi. Ya’ni bir tonna ko‘mir xarid qilgan oila 300 ming so‘m, ikki tonna yoki undan ko‘p xarid qilgan oila esa ko‘pi bilan 600 ming so‘m kompensatsiya olishi mumkin.
Ushbu yordam 2026–2027-yillarda amal qiladi va faqat mycoal.uz orqali ko‘mir xarid qilgan, Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarga beriladi.
Kompensatsiya olish uchun alohida ariza topshirish talab etilmaydi. Xarid ma’lumotlari avtomatik ravishda tegishli axborot tizimiga uzatiladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi oilaning Ijtimoiy reestrga kiritilganligini tekshirib, kompensatsiya oluvchilar ro‘yxatini shakllantiradi.
Kompensatsiya tayinlangan oydan keyingi oyning 4–27-sanalarida mablag‘lar moliyalashtiriladi. «Xalq banki» esa to‘lov oyining 5–27-sanalarida mablag‘larni oilaning ijtimoiy yoki bank plastik kartasiga o‘tkazadi.
Brifngda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotganiga ham urg‘u berildi. Fayd etilganidek, ko‘mir sifati, miqdori, narxi yoki yetkazib berish muddati bo‘yicha muammolar yuzaga kelsa, fuqarolar tadbirkor yoki mahalliy hokimlikka murojaat qilishi mumkin. Narxlarni asossiz oshirish va ortiqcha ustamalar qo‘llash holatlari bo‘yicha Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat etish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, 2026/2027-illar kuz-qish mavsumida aholini ko‘mir bilan barqaror ta’minlash, iste’molchilarga tanlov imkoniyatini yaratish va Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarni kompensatsiya orqali qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom ettiriladi.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Jonli efir: https://t.me/uzbekcoaluz/18453
Oxirgi yangiliklar:
“O‘zbekko‘mir” AJ vakili “Rossiya energetika haftaligi ‒ 2026” xalqaro forumida ishtirok etmoqda
2026-yil 14–16-oktabr kunlari Moskva shahrida ”Rossiya energetika haftaligi ‒ 2026” IX xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Yoqilg‘i-energetika sohasidagi muhim xalqaro tadbir...
O'qish
Ekskavator mashinistlari va ortish mashinasi mashinistlari kasblariga tanlov e'lon qilinadi
#vakansiya "O‘zbekko‘mir" AJning "Angren ko'mir koni" hamda "Transport" filialiga ekskavator mashinistlari va ortish mashinasi mashinistlari ishga qabul qilinadi. M...
O'qish
Aholi iste’molchilariga ko‘mir mahsulotlari yangi tizim asosida yetkazib berilmoqda
Ayni kunlarda respublikamizda 2026–2027- yillar kuz-qish mavsumida aholini ko‘mir bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda. Vazirlar Mahkamasining 418-son qar...
O'qish