Dashtobod ko‘mir ombori faoliyati yuzasidan rasmiy munosabat
Nashr qilingan sana: 03.10.2026 11:04:07Ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida Jizzax viloyati Zomin tumani Dashtobod shahri, “Bunyodkor” mahallasi hududida joylashgan Dashtobod ko‘mir ombori faoliyati natijasida atrof-muhitga, xususan, aholi yashash hududiga ko‘mir changi tarqalayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan nazoranga olindi.
Dashtobod ko‘mir ombori bir necha o‘n yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, Zomin va Yangiobod tumanlaridagi iste’molchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida ombor orqali Zomin tumanidagi budjet tashkilotlariga 9 015 tonna, Yangiobod tumanidagi budjet tashkilotlariga esa 2 018 tonna ko‘mir yetkazib berilgan.
Budjet tashkilotlariga mavsum uchun rejalashtirilgan ko‘mir yetkazib berish ishlari 2026-yil 30-sentabr holatiga to‘liq yakunlangan.
Ayni vaqtda ombor hududida ko‘mir zaxirasi mavjud emas. Ombor hududi tozalangan va chang ko‘tarilishining oldini olish maqsadida suv sepilgan. Ombor perimetri himoya to‘siqlari bilan o‘ralgan bo‘lib, faoliyat davrida chang tarqalishining oldini olish maqsadida muntazam ravishda suv sepish ishlari amalga oshirib kelingan.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan 2026-yil 2-oktabr kuni Jizzax viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Zomin tumani bo‘limi tomonidan holat joyiga chiqib o‘rganildi.
O‘rganish davomida Dashtobod ko‘mir omboridagi ekologik holat me’yor doirasida ekani, ko‘mirni ortish va tashish jarayonida chang ko‘tarilishining oldini olish maqsadida suv sepish ishlari amalga oshirilayotgani aniqlandi. Shuningdek, ko‘mir mahsulotlarini tashuvchi transport vositalari harakati davomida chang ko‘tarilishining oldini olish maqsadida omborga olib boruvchi asosiy yo‘l asfaltlangani ma’lum qilindi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tanqidiy materiallarga ilova qilingan ayrim foto va videolavhalar oldingi davrlarda tasvirga olingani aniqlandi. Shu sababli mazkur tasvirlardagi holatlar ayni vaqtdagi vaziyatni to‘liq aks ettirmasligini ma’lum qilamiz.
Shu bilan birga, Dashtobod ko‘mir ombori faoliyati yuzasidan Jizzax viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan 2026-yil 15-iyul kuni 24 soatlik tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida ombor faoliyati bo‘yicha atrof-muhitga ta’sirni baholashga oid hujjatlar va davlat ekologik ekspertizasi xulosalari mavjud emasligi, shuningdek, chiqindilarni vaqtincha saqlash bilan bog‘liq bir qator kamchiliklar aniqlangan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
“O‘zbekko‘mir” AJ ekologik talablarga rioya etish, aholi salomatligi va atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq masalalarga mas’uliyat bilan yondashadi.
Shu munosabat bilan omborning keyingi faoliyati, jumladan, aholiga ko‘mir yetkazib berish jarayonida belgilangan ekologik va sanitariya talablariga qat’iy rioya etilishi lozim.
Ombor faoliyatining keyingi bosqichida atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish, chang tarqalishining oldini olish va aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish masalalari vakolatli davlat organlari, hududiy ekologiya organlari hamda mahalliy hokimlik bilan hamkorlikda monitoring qilib boriladi.
“O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan ham o‘z vakolatlari doirasida mazkur masalaga alohida e’tibor qaratiladi.
Aholi salomatligi va atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq har qanday murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Holat bo‘yicha qo‘shimcha aniqlangan ma’lumotlar jamoatchilikka taqdim etiladi.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Ustoz — konchilik kasbining buyuk maktabi
Har bir katta yo‘l ustozdan boshlanadi. Kasbning sir-asrorini o‘rganish, uning mashaqqati va mas’uliyatini anglash, eng muhimi, orttirilgan tajribani keyingi avlodga yetk...
O'qish
Korxonaga zarur mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlari kengaytiriladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 30 sentyabr kuni “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvda korxona ehtiyojidan kelib chiqib mutaxassis ta...
O'qish
Sizga ta’zim, sizga ehtirom, aziz ustozlar!
Hurmatli ustoz konchilar, mehnat faxriylari! Siz, aziz ustozlarimizni, barcha konchilarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman! Inson hayo...
O'qish