ISHCHI INSON MANFAATI — ENG OLIY QADRIYATIMIZ
Nashr qilingan sana: 11.11.2026 10:08:32Qadrli kasaba uyushmalari faollari va aʼzolari, aziz konchilar, hurmatli hamkasblar!
Sizlarni 11 noyabr — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Kasaba uyushmalari — bu shunchaki jamoat tashkiloti emas. Bu ishchi insonning dardini eshitadigan, uning haq-huquqlarini himoya qiladigan, manfaatlarini ifoda etadigan va mehnat jamoasida oʻzaro ishonch hamda hamjihatlikni mustahkamlaydigan muhim ijtimoiy kuchdir.
“Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyati kabi minglab insonlar mehnatiga tayanadigan yirik ishlab chiqarish korxonasida kasaba uyushmalarining oʻrni alohida. Zero, koʻmir sanoatida har bir natijaning ortida inson mehnati, uning sabr-toqati, masʼuliyati va fidoyiligi mujassam.
Biz yaxshi anglaymizki, ishchi-xodim, eng avvalo, konchi manfaati taʼminlanmasa, uning mehnati munosib qadrlanmasa, xavfsiz va munosib mehnat sharoiti yaratilmasa, ishlab chiqarishda kutilgan samaraga erishish qiyin. Shu bois inson omili, xodimlarning huquq va manfaatlari, ularning salomatligi va ijtimoiy himoyasi faoliyatimizda doimo ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Bu borada kasaba uyushmalari bilan yoʻlga qoʻyilgan ijtimoiy sheriklik muhim ahamiyatga ega. Jamoa shartnomasida belgilangan vazifa va majburiyatlarning oʻz vaqtida, toʻliq bajarilishiga ish beruvchi sifatida alohida masʼuliyat bilan qaraymiz. Mehnatga haq toʻlash, bandlik kafolatlari, mehnat muhofazasi, dam olish va sogʻlomlashtirish, xodimlar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar eʼtiborimiz markazida boʻlishi shart.
Albatta, bu borada hali qilinishi lozim boʻlgan ishlar ham koʻp. Eng muhimi, xodimlarning taklif va murojaatlarini tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga befarq boʻlmaslik, muammolarni kasaba uyushmalari bilan hamkorlikda hal etishdan toʻxtamasligimiz kerak.
Men kasaba uyushmalari faollarini ana shu ezgu vazifalarni amalga oshirishda ishonchli hamkorlarimiz deb bilaman. Chunki korxona manfaati va xodim manfaati bir-biriga zid tushunchalar emas. Aksincha, xodim oʻz mehnatidan mamnun, oʻzini himoyalangan va qadrlangan his etgan jamoada mehnat unumdorligi ham, ish sifati ham, ishlab chiqarish natijalari ham yuksaladi.
Fursatdan foydalanib, korxonamizda ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, ishchi-xodimlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning munosib mehnat qilishi va mazmunli dam olishi yoʻlida fidoyilik bilan ish olib borayotgan Birlashgan kasaba uyushma qoʻmitasiga, filiallardagi kasaba uyushmalari raislari va faollariga alohida minnatdorlik bildiraman.
Aziz konchilar, mehnat jamoamizning barcha aʼzolari!
Sizlarning har biringizning mehnatingiz, saʼy-harakatingiz va kasbingizga sadoqatingiz jamiyatimiz taraqqiyotining mustahkam tayanchidir. Sizlarning mehnatingiz qadrlanishi, huquq va manfaatlaringiz ishonchli himoya qilinishi nafaqat kasaba uyushmalarining, balki ish beruvchi sifatida bizning ham eng muhim vazifamizdir.
Barchangizga mustahkam sogʻliq, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, mashaqqatli va sharafli mehnatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz hamkasblar!
Hurmat bilan,
Nodirbek DUSMATOV,
“Oʻzbekkoʻmir” AJ bosh direktori
Oxirgi yangiliklar:
Ta’minot: ko‘mir kondan xonadongacha − kim nimaga javobgar?
Ko‘mir ta’minoti faqat mahsulotni qazib olish va sotishdan iborat emas. Bu jarayondaishlab chiqaruvchi, birja, tadbirkor, tashuvchi va iste’molchi ishtirok etadi. Ularnin...
O'qish
INSON QADRI — E’TIBOR VA E’ZOZDA!
Hurmatli hamkasblar, qadrli konchilar va mehnat faxriylari! Sizlarni 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati Birlas...
O'qish
Ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash ishlari infografika
Ayni kunlarda aholini 2026/2027-yillar kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash ishlari jadal davom etmoqda. “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan mavsum davo...
O'qish