Ko‘mir mahsulotlarini realizatsiya qilish va aholiga yetkazib berish bo‘yicha
Nashr qilingan sana: 13.08.2026 15:48:16Ko‘mir narxlarining bozor tamoyillari asosida shakllanishi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda ko‘mir mahsulotining narxi va sifati, yetkazib beruvchilarni tanlash, raqobat muhiti va aholiga ko‘mir yetkazib berish tartibi yuzasidan turli savollar paydo bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan mazkur masalalarga Vazirlar Mahkamasining “Ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarorida belgilangan tartib va mexanizmlar asosida aniqlik kiritib o‘tish maqsadga muvofiqdir.
Avvalo, ko‘mir narxlarining erkinlashtirilishi mahsulot sifatiga qo‘yiladigan talablarni bekor qilmasligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan ko‘mir belgilangan talablarga muvofiq qazib chiqariladi, uning miqdori va sifati tegishli hujjatlar asosida rasmiylashtiriladi. Bozor sharoitida mahsulot sifati va barqaror ta’minot korxonaning muhim vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.
Hukumat qaroriga muvofiq, mahalliy ko‘mir mahsulotlarini realizatsiya qilish belgilangan tartibda birja savdolari orqali amalga oshiriladi. “O‘zbekko‘mir” AJ mazkur jarayonda ishlab chiqaruvchi korxona sifatida mahsulotni belgilangan tartibda savdoga chiqarish, xarid qilingan ko‘mirni shartnoma shartlariga muvofiq o‘z vaqtida ortib berish va mahsulot harakatini belgilangan tartibda hisobga olish bo‘yicha vazifalarni bajarmoqda.
Mazkur qaror bilan, joriy kuz-qish mavsumi uchun, istisno tariqasida, budjet tashkilotlarga ko‘mir mahsulotlari “Ko‘mir ta’minot” MChJ tomonidan yetkazib beriladi. Kelgusi mavsumdan budjet tashkilotlariga ko‘mir yetkazib berish tadbirkorlar orqali amalga oshiriladi.
Aholi uchun esa ko‘mir yetkazib beruvchilarni tanlash imkoniyati nazarda tutilgan. Qarorga muvofiq, hududlarda kamida uchta tadbirkorlik sub’ektini jalb qilish, ular haqidagi ma’lumotlarni “mycoal.uz” portaliga joylashtirish belgilangan. Aholi mazkur portal orqali ko‘mirning narxi va sifati bo‘yicha maqbul taklifni tanlab, buyurtma berishi, shuningdek, ko‘mirni yetkazib berish yoki belgilangan tarqatish punktidan olib ketish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘yilayotgan talablar esa ko‘mirni qabul qilish, saqlash, hisobga olish, yuklash va iste’molchiga o‘z vaqtida va uzilishlarsiz yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan. Hududlarda bir nechta tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish orqali raqobat muhitini shakllantirish va aholi uchun tanlov imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimni amalga oshirish jarayoni bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida tegishli amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “O‘zbekko‘mir” AJga yuklatilgan vazifalar doirasida “Ko‘mir ta’minot” MChJ faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ham ishlar boshlangan.
Xususan, qarorning 8-bandida “Ko‘mir ta’minot” MChJ balansidagi ko‘chmas mulklarni xatlovdan o‘tkazish va ularni bozor tamoyillari asosida sotish mexanizmi bo‘yicha taklif kiritish belgilangan. Mazkur vazifani belgilangan muddatda amalga oshirish maqsadida ishchi guruhini tashkil etish yuzasidan “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan 2026-yil 4-avgustda tegishli vazirlik va idoralarga murojaat xati yuborilgan.
Shu bilan birga, yangi tizim to‘liq ishga tushirilgunga qadar aholi va budjet tashkilotlarini ko‘mir bilan uzsluksiz ta’minlash choralari ko‘rib borilmoqda.
“O‘zbekko‘mir” AJ o‘z vakolati doirasida qarorda belgilangan vazifalarni belgilangan tartib va muddatlarda amalga oshirish, ko‘mir mahsulotlarini sifat talablariga muvofiq ishlab chiqarish, uni belgilangan tartibda realizatsiya qilish hamda xaridorlarga o‘z vaqtida ortib berish bo‘yicha zarur choralar ko‘rmoqda.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Jamoa shartnomasi: huquq, kafolat va imtiyozlar muhokama markazida
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi filiallarda 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasining mazmun-mohiyatini mehnat jamoalariga yetkazishga qarati...
O'qish
Murojaat o‘z tasdig‘ini topdi: mas’ul xodimlarga intizomiy choralar qo‘llanildi
“O‘zbekko‘mir” AJ murojaatlar boti orqali fuqaro M.A. Xudoyberdievadan “Ko‘mir ta’minot” MChJ Namangan filiali Uchqo‘rg‘on tumani ko‘mir ombori faoliyati yuzasidan m...
O'qish
Ko‘mir sohasidagi yangi islohotlar: bozor mexanizmlari va ijtimoiy himoya
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi 418-son qarori mamlakatda ko‘mir sanoatini yanada rivojlantirish, bozor mexanizmlarini keng joriy eti...
O'qish