Ko‘mir ta’minotida haqiqiy holat va qabul qilingan choralar
Nashr qilingan sana: 03.06.2026 00:12:35So‘nggi yillarda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan ko‘mir qazib olish va iste’molchilarga yetkazib berish hajmlari izchil oshib bormoqda. Xususan, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakat tarixida ilk bor 7 million tonnadan ortiq ko‘mir qazib olish ko‘rsatkichiga erishildi. Bu esa aholi, ijtimoiy soha ob’yektlari va iqtisodiyot tarmoqlarining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi.
Shu bilan birga, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, yangi texnika va texnologiyalarni joriy etish, shuningdek mahsulotni saralash hamda iste’molchilarga yetkazib berish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyat faoliyatida faqat ishlab chiqarish hajmini oshirish emas, balki mahsulot sifatiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholi talab va takliflari inobatga olingan holda 2BZR markali ko‘mir navi joriy etildi, mahsulot fraksiyasi parametrlari qayta ko‘rib chiqildi.
Shu jiatdan olib qaraganda,ijtimoiy tarmoqda tarqalgan “Ko‘mir o‘rniga tosh: O‘zbekistonda iste’molchi ham odammi?” sarlavhali chiqishda keltirilgan ayrim fikrlar haqiqatga to‘liq mos kelmasligini ma’lum qilamiz.
Ma’lumki, ko‘mir ochiq usulda qazib olinadigan tabiiy mineral mahsulot hisoblanib, uni qazib olish jarayonida ma’lum miqdorda tog‘ jinslarining aralashib ketishi tabiiy holat sanaladi.
Shuningdek, katta hajmdagi mahsulotni kondan iste’molchigacha yetkazib berish zanjiri ‒ yuklash, tushirish, qayta yuklash va tashish bosqichlarida ko‘mirning maydalanishi ham kuzatilishi mumkin. Ushbu xususiyatlar mahsulotning sifat ko‘rsatkichlari va guvohnomalarida aks ettiriladi.
Tanqidiy chiqishda tilga olingan Urganch tumaniga yetkazib berilgan ko‘mir partiyasi bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, mazkur holat jamiyatning mas’ul mutaxassislari tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, o‘sha ko‘mir qazib olish va yuklash jarayonlari amalga oshirilayotgan vaqtda kon hududida noqulay ob-havo sharoiti, xususan qalin tuman kuzatilgan. Ko‘rish masofasining keskin cheklanishi ish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatib, ayrim hollarda ko‘mir massasi tarkibiga tog‘ jinslarining me’yordan ko‘proq aralashib ketishiga olib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan jamiyatning maxsus ishchi guruhi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Tekshiruv xulosalariga asosan ushbu partiya sotuvdan olib qo‘yilgan hamda uning o‘rniga belgilangan sifat talablariga to‘liq javob beradigan boshqa ko‘mir mahsuloti iste’molchilarga yetkazib berilgan.
Shuningdek, xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra, mazkur holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan mas’ul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan.
Shu bois, mazkur holat bo‘yicha aholiga sifatsiz mahsulot yetkazilgani yoki iste’molchilar huquqlari tiklanmagani haqidagi iddaolar haqiqatga to‘liq mos kelmaydi.
“O‘zbekko‘mir” AJ iste’molchilar murojaatlarini doimiy ravishda o‘rganib boradi, har bir asosli e’tiroz bo‘yicha zarur choralar ko‘radi hamda aholini sifatli mahsulot bilan ta’minlashni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblaydi.
Jamiyat faoliyatiga oid ma’lumotlarni tarqatishda xolislik, tekshirilgan manbalar va rasmiy axborotlarga tayanish muhimligini eslatib o‘tamiz.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Xalqaro forum: sanoat taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar
2026-yil 16-iyun kuni Toshkent shahrida o‘z ishini boshlagan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida muhim voqea bo‘ldi. Duny...
O'qish
“Ovozli chat”da qanday masalalar muhokama qilinmoqda?
Fuqarolar va xodimlarning murojaatlarini tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga tezkor munosabat bildirish hamda joylardagi muammolarni aniqlash maqsadida “O‘z...
O'qish
Muhim minerallar sanoatini rivojlantirish vazifalari belgilandi
2026-yil 15-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muhim minerallar xomashyo bazasini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ish...
O'qish
Aksiyadorlar diqqatiga: aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladi
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining yillik umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida XABARNOMA “O‘zbekko‘mir” AJ Kuzatuv kengashining 2026-...
O'qish