Milliy libos – millatning yuragidagi ehtirom
Nashr qilingan sana: 04.07.2025 13:57:04Har juma – o‘zligimizni tan olish kuni.
Har juma – milliy iftixorni e’tirof etish kuni.
Har juma – yurakdagi o‘zbeklik libosga aylanadigan kun.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida haftaning har jumasi Milliy liboslar kuni sifatida belgilangan. Bu rasmiy qaror emas – qalbdan chiqqan chaqiriq. Bu topshiriq emas – milliy vujudimizning shiddatli tovushidir.
Bu kunda Jamiyat ofisi va barcha filiallarda, xizmat vazifasi maxsus kiyim talab qilmaydigan xodimlarga, milliy libosda ishga chiqish tavsiya etilgan. Dastlab bu tashabbusga biroz tortinish bilan qaraldi. Ayrimlar do‘ppi kiysa, “Nima bo‘ldi? To‘ygami, azagami?” degan savollardan qo‘rqdi. Go‘yo do‘ppi to‘y yoki motam timsoliga aylangandek.
Aslida, do‘ppi motam uchun emas – faxr uchun!
Chopon – qahramonlar kiyimi!
Atlas va adras – o‘zbek ayolining nafosati, matonati, orastaligi.
Milliy libos – bu tarix. U ushoq bo‘lmagan, o‘zgarmagan, zamonlar orqali zabardast yurgan tarixdir. Milliy libos – madaniyat. Bu madaniyat nafaqat ko‘zni, balki qalbni ham quvontiradi. Milliy libos – kelajak. Zero, o‘zligini unutgan millatning ertasi bo‘lmaydi.
Biz milliy libosni kiyib, “Men o‘zbekman!” deya kerilib yursak arziydi. Bu libos bizga nafaqat shonli o‘tmishni, balki orzularga to‘la kelajakni ham eslatadi. Bu libos yupqa iplardan emas, e’tiqod va faxr iplaridan to‘qilgan.
Shuning uchun bu tashabbus hech qachon “xo‘jako‘rsin”ga aylanib qolmasligi kerak. U har bir xodimning qalbiga kirib borishi zarur. Milliy libosni kiyish – boshqalarga maqtanish uchun emas, o‘zimizga kimligimizni eslatish uchundir.
Bir kun kelib, konchilarimiz ishxonalariga faqat juma kuni emas, har kuni milliy liboslarda kirib kelishsa, hamkasblari:
“Nima bo‘ldi?” deb emas, “A’lo, go‘zal ko‘rinayapsiz!” deb quvonishsin.
Bir kun kelib, do‘ppi kiygan erkakdan “Tinchlikmi?” deb so‘rashmasin, balki:
“Yaxshi qildingiz, men ham ertaga kiyib chiqaman!” desin.
Milliy libos – bu moda emas, mohiyat.
Milliy libos – bu o‘tmish emas, bardavom qadriyat.
Milliy libos – aniq tarix, yaqqol bugun va yoru kelajak.
O‘ylaymizki, tashabbus ana shunday ruhda davom etadi. Mehnat jamoamiz bugun nafaqat iqtisodiyotga, balki ma’naviyatga ham quvvat berayotgan katta bir maskan ekanini amalda namoyon etaversin.
Ne’mat Dushayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati rahbari
Izohlar
Oxirgi yangiliklar:

Angren konchilari haqida Rossiya jurnalida maqola chop etildi
Rossiya Federatsiyasining xalqaro “Глобус: геология и бизнес” jurnalida (2025 yil oktabr, №4) jurnalist Diana Andreevaning “Ular qorong‘ulikda ishlaydilar” sarlavhal...
O'qish
Tog‘-kon transport uskunalarini ta’mirlash zavodi bilan tanishuv
Mahalliylashtirish markazi vakillari “O‘zbekko‘mir” AJ Tog‘-kon transport uskunalarini ta’mirlash zavodi filialida bo‘lishdi. Mehmonlar korxonaning ishlab chiqari...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ mutaxassisi maqolasi xalqaro jurnalda
Rossiya Federatsiyasida nashr etiladigan xalqaro “Глобус: геология и бизнес” jurnali (№5)ning 2025-yil oktabr ssonida sahifarida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorli...
O'qish
Bugun yurtimizda – “Milliy liboslar kuni”
Bugun yurtimizda – “Milliy liboslar kuni” sifatida nishonlanmoqda. “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati xodimlari ham ushbu an’anaga hamohang tarzda ishga milliy l...
O'qish