Ochiq eshiklar kuni: jamoatchilik bilan uchrashuv
Nashr qilingan sana: 15.12.2025 17:21:25
2025-yil 15-dekabr kuni “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Jamiyat faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda “O‘zbekko‘mir” AJ rahbariyati va mas’ul xodimlari, davlat organlari va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, talabalar hamda yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbir jamiyatning Angren shahrida joylashgan bosh ofisida bosh direktorning birinchi o‘rinbosari Erkin Yakubov ishtirokidagi kirish so‘zi bilan ochildi. Shundan so‘ng ishtirokchilar uchun jamiyat ijro apparati bo‘lim va boshqarmalariga ekskursiya uyushtirildi. Jarayonda Murojaatlar bo‘limi yetakchi mutaxassisi Malika Nazarova, Yoshlar ittifoqi yetakchilar kengashi raisi Davron Abdurahmonov, bosh hisobchi Zayniddin Umarov, komplayens-nazorat xizmati inspektori Murodjon Abduraimov va boshqalar o‘z faoliyati haqida ma’lumot berib, korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbir jamiyatning asosiy korxonasi – “Angren ko‘mir koni” filialida davom ettirildi. Jamiyat bosh direktori Nodirbek Dusmatov ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, ushbu yo‘nalishda qabul qilingan Prezident farmon va qarorlari jamiyat faoliyatiga izchil joriy etilayotgani alohida ta’kidlandi.
Jarayonda komplayens-nazorat xizmati inspektori Murodjon Abduraimov tomonidan taqdimot o‘tkazildi. Unda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar, 2024 yil yakunida yangilangan ichki me’yoriy hujjatlar, filiallarda tashkil etilgan komplayens-nazorat shtatlari, manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha olib borilgan tahlillar natijalari haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, xodimlar tomonidan deklaratsiyalarni to‘ldirish va ular yuzasidan o‘tkazilgan tahlillar natijalari ham taqdim etildi.
Ishtirokchilarga jamiyat markaziy apparati va filiallarida amalga oshirilgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash ishlari, shartnomaviy munosabatlarda shaffoflikni ta’minlash choralari, mol-mulk va jihozlarni muhofaza qilish, elektron hisobot tizimlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Ayrim filiallarda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan ko‘rilgan choralar, yetkazilgan zararlarni undirish va aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy ta’sir choralari haqida ham so‘z yuritildi.
Tadbir doirasida mavzug‘a oid videorolik namoyish qilinib, savol-javob shaklida davra suhbati tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga jamiyat mas’ullaridan bevosita javob oldilar.
Shuningdek, ishtirokchilar “Angren ko‘mir koni” filiali dispetcherlik markazi kuzatuv maydonchasidan turib ko‘mir qazib olish, ustki qatlamni ochish, sarlash va yuklash jarayonlarini yaqindan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ma’lumki, jamiyat tarkibida 12 ta filial mavjud bo‘lib, ularda qariyb olti ming nafar xodim faoliyat yuritadi. Bunday yirik tuzilmada korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish muhim vazifa hisoblanadi.
Tadbir yakunida jamiyat rahbariyati korrupsiyaga qarshi kurashishda kamchiliklarni yashirish emas, balki ularni o‘z vaqtida bartaraf etish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. “O‘zbekko‘mir” AJ kelgusida ham ochiqlik, qonuniylik va shaffoflik tamoyillariga tayangan holda jamoatchilik bilan hamkorlikni izchil davom ettirishini ma’lum qildi.
Ochiq eshiklar kuni ishtirokchilar tomonidan ijobiy baholandi hamda bunday tadbirlar jamiyat faoliyatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati



Oxirgi yangiliklar:
"Oʻzbekkoʻmir" AJ tasarrufidagi “ShUKQO” filialida maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi
2026-yil 19-fevral kuni Oʻzbekkoʻmir AJ tasarrufidagi “ShUKQO” filialida kimyoviy xavfli obyektlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik da...
O'qish
“Tog‘-kon uskunalarini sozlash zavodi” filiali ish jarayonidan fotolavha
“Tog‘-kon uskunalarini sozlash zavodi” filiali ochiq kon ekskavatorlari, yuk tortish agregatlari va elektr uskunalarini to‘liq hamda joriy ta’mirlash ishlarini ama...
O'qish
“O‘zbekko‘mir” AJ: Investitsiya uchun qulay obyekt sotuvga qo'yildi
E’LON INVESTITSIYA UCHUN QULAY OBYEKT SOTUVGA QO‘YILDI Oʻzbekko'mir AJ tasarrufidagi 10 (o‘n) gektarlik binolar majmui ochiq auksion savdosiga chiqarildi Oʻzbekko'...
O'qish
Davlatimiz rahbari Vashington shahrida Tinchlik kengashining birinchi yigʻilishida ishtirok etdi
Oʻzbekiston Prezidenti Tinchlik kengashining Gʻazo sektori boʻyicha faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sha...
O'qish