Ommaviy sport: sog‘lom jamoa – yuksak natijalar garovi
Nashr qilingan sana: 21.07.2026 17:52:24Bugungi kunda mamlakatimizda aholi, ayniqsa mehnat jamoalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar mehnat jamoalarida sport infratuzilmasini rivojlantirish, xodimlarni muntazam jismoniy faollikka jalb etish va ommaviy sport harakatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 4-dekabrdagi PQ–421-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ham sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ommaviy sportni rivojlantirish va iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, jamiyatda ommaviy sportni barqaror yo‘lga qo‘yish hamda xodimlarni muntazam jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga jalb etish maqsadida futbol, voleybol va shaxmat yo‘nalishlari bo‘yicha uchta sport klubi tashkil etildi. Bugun ushbu klublar nafaqat sport bilan shug‘ullanish, balki jamoaviylik, intizom va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim maydonga aylandi. Ular negizida jamiyat terma jamoalari shakllantirilib, turli musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va jamoaviy sport turlarini yanada ommalashtirish maqsadida har yili kamida ikki marta an’anaviy “Rahbar kubogi” musobaqalari tashkil etiladi. Mazkur musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar, shuningdek, o‘zining yuqori sport mahorati va faolligi bilan ajralib turgan xodimlar jamiyat rahbariyati tomonidan diplom, kubok, esdalik sovg‘alari hamda moddiy rag‘batlantirish bilan taqdirlanadi.
Jamiyatda sport bilan muntazam shug‘ullanish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy sport zali to‘liq jihozlangan bo‘lib, xodimlarning ishdan bo‘sh vaqtlarida mashg‘ulot o‘tkazishlari uchun maxsus jadval tasdiqlangan. Unga muvofiq futbol, voleybol va shaxmat klublari a’zolari belgilangan vaqtlarda muntazam mashg‘ulotlar olib bormoqdalar.
Amalga oshirilayotgan ishlar ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida keng yoritib borilmoqda. “Rahbar kubogi” musobaqalari, sport klublari mashg‘ulotlari, turli sport tadbirlari hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimlari “O‘zbekko‘mir” AJning rasmiy veb-sa yti hamda Telegram, Facebook, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida matnli, foto va videomateriallar orqali muntazam e’lon qilib kelinmoqda.
Sport inson salomatligining, mehnat unumdorligining va ahil jamoaning mustahkam poydevoridir. Shu bois kelgusida ham jamiyatimizda ommaviy sportni yanada rivojlantirish, har bir xodimning jismoniy faolligini oshirish va sog‘lom turmush tarzini hayot me’yoriga aylantirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolaveradi.
Muhriddin Abdullayev,
“O‘zbekko‘mir” AJ sport klubi raisi
Oxirgi yangiliklar:
Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan brifing o‘tkaziladi
2026-yil 22-iyul kuni soat 15:00da “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatining 2026-yil I yarim yilligi yakunlari yuzasidan brifing...
O'qish
Xitoylik mutaxassislar va talabalar “O‘zbekko‘mir” AJ faoliyati bilan tanishdi
2026-yil 17-iyul kuni Xitoy konchilik va texnologiya universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari delegatsiyasi “O‘zbekko‘mir” AJda bo‘ldi. Toshkent davla...
O'qish
Ishga qabul jarayoni ochiq va shaffof tarzda yoritildi
Aksiyadorlik jamiyatida “Ochiqlik indeksi” talablari ijrosini ta’minlash maqsadida ishga qabul jarayonlari ochiq va shaffof tashkil etilmoqda. Jamiyatning idora qo‘riq...
O'qish