“Ovozli chat”da qanday masalalar muhokama qilinmoqda?
Nashr qilingan sana: 15.06.2026 20:59:07

Fuqarolar va xodimlarning murojaatlarini tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga tezkor munosabat bildirish hamda joylardagi muammolarni aniqlash maqsadida “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan har oyda muntazam ravishda “ovozli chat”lar tashkil etib kelinmoqda.
Joriy yilning 25-may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi “ovozli chat”da jamiyat ijro apparati mas’ul xodimlari, tegishli bo‘lim mutaxassislari va filiallar rahbarlari ishtirok etdi. Muloqot davomida xodimlar hamda fuqarolar tomonidan mehnat munosabatlari, ish haqi, vakant ish o‘rinlari, regress to‘lovlari, mukofot pullari, texnika xavfsizligi va ish sharoitlari bilan bog‘liq qator masalalar ko‘tarildi.
Ish haqi oshirilishi bo‘yicha qiziqish yuqori
Murojaatchilar tomonidan respublika miqyosida ish haqlari oshirilishi haqida tarqalayotgan xabarlar munosabati bilan “O‘zbekko‘mir” AJ tizimida ham ish haqlari qayta ko‘rib chiqiladimi, degan savollar berildi.
Mutaxassislar tomonidan jamiyatda mehnatga haq to‘lash tizimi amaldagi yagona tarif setkasi asosida shakllantirilishi, respublika darajasida belgilanadigan o‘zgarishlar jamiyat tizimida ham bosqichma-bosqich tatbiq etilishi tushuntirildi.
Vakant ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi
Muloqot davomida ish izlayotgan fuqarolar tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida savollar berildi.
Qayd etilganidek, ayrim filiallarda ekskavator mashinisti lavozimi bo‘yicha vakansiyalar mavjud bo‘lib, boshqa ish o‘rinlari filiallar ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Fuqarolarga jamiyatning rasmiy axborot manbalari orqali e’lon qilinadigan vakansiyalarni muntazam kuzatib borish tavsiya etildi.
Regress to‘lovlari bo‘yicha aniqlik kiritildi
Qabul davomida regress to‘lovlarining amalga oshirilish muddatlari yuzasidan ham murojaatlar kelib tushdi.
Mutaxassislar tomonidan regress to‘lovlari oy yakunlanganidan keyin belgilangan tartibda keyingi oyning 10-sanasiga qadar amalga oshirilishi, avval kuzatilgan kechikishlar texnik sabablar bilan bog‘liq bo‘lgani ma’lum qilindi.
Mukofot pullari va koeffisiyentlar bo‘yicha tushuntirishlar berildi
Xodimlar tomonidan mukofot pullari hisoblanishi hamda korrektirovka koeffisiyentlarining belgilanishi bilan bog‘liq savollar ham ko‘tarildi.
Izohlanishicha, mukofot pullari har oylik ishlab chiqarish rejalari bajarilishi natijalari asosida hisoblanadi. Shuningdek, korrektirovka koeffisiyentlari doimiy yoki kafolatlangan to‘lov hisoblanmaydi. Ular korxonaning moliyaviy holati, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va belgilangan tartibdagi takliflar asosida ko‘rib chiqiladi.
Texnika xavfsizligi va mehnat ta’tiliga oid masalalar muhokama qilindi
Mehnat ta’tili vaqtida malaka yoki texnika xavfsizligi bo‘yicha imtihonlarda ishtirok etish tartibi haqida ham savollar berildi.
Tushuntirilishicha, xodim mehnat ta’tili davrida imtihon topshirish uchun kelishga majbur emas. Biroq texnika xavfsizligi bo‘yicha belgilangan muddatda imtihondan o‘tilmagan hollarda amaldagi talablarga muvofiq ishga qo‘yishda cheklovlar yuzaga kelishi mumkin.
Xodimlar uchun yaratilayotgan sharoitlar bo‘yicha takliflar eshitildi
Muloqot davomida transport xizmatlari, shaxsiy avtotransport vositalari uchun sharoitlar yaratish, kadrlar va buxgalteriya xizmatlari bilan muloqotni yengillashtirish, murojaatlarni joyida qabul qilish amaliyotini takomillashtirish kabi takliflar ham bildirildi.
Shuningdek, “ovozli chat”ni tashkil etishda uchrayotgan texnik muammolarni bartaraf etish, aloqa sifati va texnik ta’minotni yaxshilash bo‘yicha ham tegishli vazifalar belgilandi.
Barcha murojaatlar ijroga olindi
“Ovozli chat” davomida ko‘tarilgan har bir masala yuzasidan mas’ul bo‘limlar va filiallarga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim murojaatlar bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganishlar o‘tkazish, murojaatchilar bilan qayta bog‘lanish va qo‘shimcha tushuntirishlar berish vazifasi yuklatildi.
“O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan xodimlar va fuqarolar bilan ochiq muloqotlarni muntazam tashkil etish, murojaatlarda ko‘tarilayotgan dolzarb masalalarni o‘z vaqtida hal etish hamda jamoatchilikni xabardor qilib borish ishlari izchil davom ettiriladi.
“O‘zbekko‘mir” AJ Axborot xizmati
Oxirgi yangiliklar:
Muhim minerallar sanoatini rivojlantirish vazifalari belgilandi
2026-yil 15-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muhim minerallar xomashyo bazasini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ish...
O'qish
Aksiyadorlar diqqatiga: aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladi
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining yillik umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida XABARNOMA “O‘zbekko‘mir” AJ Kuzatuv kengashining 2026-...
O'qish
JAMOATCHILIK KENGASHI A’ZOLIGIGA OCHIQ TANLOV E’LON QILINADI
“O‘zbekko‘mir” AJ huzuridagi Jamoatchilik kengashi tarkibiga a’zolarni tanlash bo‘yicha ochiq tanlov e’lon qiladi. Tanlov maqsadi: Jamiyat faoliyati ustidan jamoatchilik...
O'qish