Pensiya ta’minoti tizimidagi yangiliklar muhokama qilindi
Nashr qilingan sana: 17.09.2026 17:19:36
“O‘zbekko‘mir” AJda pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga qaratilgan Prezident farmoni loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi.
Bugungi kunda aholining yosh tarkibi, mehnat bozoridagi o‘zgarishlar, demografik jarayonlar hamda pensiya tizimi oldida turgan yangi vazifalar ushbu sohani yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan, pensiya tayinlash va hisoblash mexanizmlarini zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish, tizim barqarorligini ta’minlash hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda Toshkent viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi murojaatlar bilan ishlash mutaxassisi Suhrob Shovrikov hamda Angren shahar Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i N. Kalbaeva ishtirok etdi.
Seminar davomida loyiha maqsadlari, pensiya ta’minoti tizimida mavjud masalalar hamda taklif etilayotgan yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, loyihada pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish, pensiya tayinlash uchun zarur ish stajini ko‘paytirish, pensiya hisob-kitobida inobatga olinadigan ish haqi davrini kengaytirish, shuningdek, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini takomillashtirish kabi takliflar ilgari surilmoqda. Bundan tashqari, pensiya xizmatlarini raqamlashtirish va fuqarolarga yanada qulay xizmat ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, mazkur o‘zgarishlar hozircha taklif sifatida ilgari surilgan. “Aholi farovonligini ta’minlash va pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi 15-sentabrdan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Shu bois fuqarolar va mehnat jamoalari loyiha yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, taklif va mulohazalarini bildirishlari mumkin.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
Oxirgi yangiliklar:
Ko‘mir bor joyda tabiatga ham e’tibor bor
Bilamizki, bir tonna ko‘mir faqat energiya manbaigina emas. U tabiat oldidagi mas’uliyatni ham anglatadi. Uni qazib olish, saralash, tashish va saqlashning har bir b...
O'qish
Kuz-qish mavsumi: favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik kuchaytirilmoqda
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va energetika sohasi ob’ektlarining mavsumiy barqarorligini ta’minlash maqsadida...
O'qish
Ish jarayonida ham sportga hamisha vaqt topiladi
Korxonamizda xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, jismoniy faolligini oshirishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun barcha zarur sharoitlar y...
O'qish