Konchilar spartakiadasi: mehnat va sport bizga nima beradi?
Nashr qilingan sana: 13.05.2026 14:25:58
Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni yaqinlashib kelayotgan bu kunlarda aksiyadorlik jamiyatimizda bayram ruhi, jamoaviy birlik va ko‘tarinki kayfiyat yanada kuchaymoqda. Shu munosabat bilan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar bilan birga sport musobaqalari o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.
Bugun ana shunday tadbirlardan biri – “Konchilar spartakiadasi” ham yuqori darajada o‘tkazilmoqda. Bugungi musobaqada men ham ishtirok etyapman. Nasib qilsa, filiallararo bellashuvlarda munosib natija qayd etish uchun astoydil harakat qilyapman.
Men uchun mehnat va sport – hayotning ikki muhim tayanchi. Mehnat insonni kamolga yetkazadi, unga mas’uliyat, sabr va halollikni o‘rgatadi. Ayniqsa konchilik kabi og‘ir va sharafli sohada har bir natija katta mehnat, tajriba va vijdon bilan erishiladi. Shu bois mehnat insonni ulg‘aytiradigan eng katta maktabdir.
Sport esa insonga kuch, chidam, ruhiy barqarorlik va jamoaviy fikrlashni o‘rgatadi. Spartakiadalardagi ishtirok biz uchun nafaqat musobaqa, balki bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash, jamoa uchun javobgarlikni his qilish imkoniyati hamdir. Bunday tadbirlar ishxonadagi ahillikni yanada mustahkamlaydi.
Men uchun shaxmat alohida o‘rin tutadi. U diqqatni jamlash, tahlil qilish va to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rgatgan intellektual o‘yin. Hisobchilik faoliyatimda ham bu juda katta ahamiyatga ega.
Shaxmatga bo‘lgan qiziqishimda o‘g‘limning o‘rni katta. O‘g‘lim Ershodbek maktabda tahsil oladi. U faqat o‘quvchi emas, balki o‘z maktabida shaxmat bo‘yicha faol va iqtidorli o‘quvchilardan biri hisoblanadi. Mustaqil tayyorgarlik ko‘rib, maktablararo musobaqalarda doimiy ravishda yuqori o‘rinlarni – 1–2 o‘rinlarni qo‘lga kiritib keladi. Uning yutuqlaridan faxrlanaman. U menga ham shaxmatga yanada jiddiyroq yondashishga turtki bergan.
Ishxonamizdagi muhit ham juda ahil va samimiy. Bosh hisobchimiz, ustoz qatoridagi Nasiba Xoldibekova, hamxonalarim Nargiza Omonova, Nodira Imonova bilan bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bunday muhit mehnat samaradorligini ham, kayfiyatni ham oshiradi.
Mehnat insonni yuksaltirsa, sport uni ruhan baquvvat qiladi. Ular uyg‘unligi esa inson hayotiga mazmun, jamoaga esa birlik bag‘ishlaydi.
Dilfuza Yo‘ldosheva
“O‘zbekko‘mir” AJ “Transport” filiali ish haqi bo‘yicha hisobchisi
Suratlarda: spartakiada jarayonidan lavhalar
Ilhom Bazarbaev tavsvirga tushirgan

.jpg)

Oxirgi yangiliklar:
“O‘zbekko‘mir” AJ quyidagi xaridlar bo‘yicha tanlovlar e’lon qiladi
E’LON | XARID LOTLARI “O‘zbekko‘mir” AJ xt-xarid.uz elektron platformasining “Eng maqbul takliflarni tanlash” ilovasi orqali jamiyat ehtiyojlari uchun quyidagi xaridla...
O'qish
Alifbodagi islohot: raqamli kelajak sari yana bir qadam
Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi. Endi hujjat Senat...
O'qish
“Koinot” oromgohida har bir kun mazmunli va qiziqarli o‘tmoqda
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan, “O‘zbekko‘mir” AJ tasarrufidagi “Koinot” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yozgi dam olish mavsumi mazmunli tadbir...
O'qish
Angren konchilari mehnati jahon media maydonida
Har qanday korxona va tashkilotning jahon media maydoniga chiqishi uning nufuzi, ochiqligi va xalqaro imijini mustahkamlashga xizmat qiladi. “O‘zbekko‘mir” aksiyadorl...
O'qish